Afrikaning beshta davlati — Kongo Demokratik Respublikasi, Burundi, Keniya, Ruanda va Uganda — JSST tomonidan mpox epidemiyasiga qarshi alohida choralar ko‘rish tavsiya etilgan davlatlar qatoriga kiritildi.
«Xalqaro tibbiy-sanitar qoidalarining Favqulodda qo‘mitasi mpox bo‘yicha birinchi yig‘ilishida ushbu kasallikning tarqalishi bo‘yicha vaqtinchalik tavsiyalarni qabul qildi. Tavsiyalar mpox’ning tarqalishi kuzatilgan davlatlarga taalluqli. Ular xalqaro ahamiyatga molik sog‘liq uchun favqulodda vaziyatga bog‘liq tarzda harakat qilmoqdalar. Tavsiyalar KDR, Burundi, Keniya, Ruanda va Ugandaga tegishli, ammo faqatgina ular bilan cheklanmaydi», — deyiladi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xabarida.
Qabul qilingan tavsiyalar doirasida JSST sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlarda harakat qilishning milliy mexanizmlarini kuchaytirish, mpox’ga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni yanada muvofiqlashtirish, kasallikning laboratoriya diagnostikasini takomillashtirish, mpox bilan kasallangan shaxslarning boshqalar bilan aloqasini aniqlashni talab qildi.
JSST, shuningdek, mpox bilan kasallangan odamlarni aniqlash uchun chegara nazoratini kuchaytirish, emlashni o‘tkazish va aholining ushbu kasallikning xususiyatlari va unga qarshi kurashish choralari haqida xabardorligini oshirishni so‘ramoqda.
Avvalroq Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi mpox virusini (maymunchechak) aniqlash uchun PZR testlarini sotib olgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.
14 avgust kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mpox virusi tarqalishi yana boshlangani sabab dunyoda favqulodda holat e’lon qilgandi. Kuni kecha O‘zbekiston Sanitariya-epidemologiya xizmati qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustamjon Ikromov virusning O‘zbekistonga chetdan kirib kelishi va tarqalib ketishi oldini olish yuzasidan ma’lum chora-tadbirlar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.