GTL zavodiga sarflangan 3,4 mlrd dollar o‘zini oqlaydimi? Otabek Bakirov bilan suhbat

Iqtisodiyot 16:21 / 20.08.2024 22626

Neftgaz-kimyo sohasida Markaziy Osiyodagi eng yirik zavod deb atalgan Uzbekistan GTL ishga tushganiga 2,5 yil bo‘ldi, ammo ichki bozorni arzon dizel va aviakerosin bilan ta’minlashda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayapti. Xususan, o‘tgan davrda dizel importi kamayish o‘rniga, 7 barobardan ko‘proqqa oshdi. Iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz bilan suhbatda GTL loyihasi haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

Qashqadaryoda Uzbekistan GTL zavodi dizel yonilg‘isini ishlab chiqara boshlaganidan beri chet eldan dizel importi kamayish o‘rniga, aksincha 7 barobarga oshdi.

Kun.uz Bojxona qo‘mitasi ochiqlagan ma’lumotlarni o‘rganib, yoqilg‘i-energetika va neft mahsulotlari importi katta sur’atda oshib borayotganiga e’tibor qaratdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yilning yanvar–iyul oylarida 206,9 ming tonna dizel import qilingan. Bu – 2022 yilning shu davri bilan taqqoslaganda 7,3 barobarga ko‘p.

E’tiborlisi, dizel importining bunday keskin tarzda oshib ketishi Qashqadaryoda qurilgan GTL zavodi dizel ishlab chiqara boshlaganidan keyingi davrga to‘g‘ri keladi. Zavodda bu turdagi yonilg‘ini ishlab chiqarish 2022 yil 29 iyunda boshlangan edi.

Neftgaz-kimyo sohasida Markaziy Osiyodagi eng yirik zavod deb ta’riflangan Uzbekistan GTL loyihasi uchun davlat “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi orqali salkam 3,5 mlrd dollar sarflagan. Bu pullar tashqi qarzlar hisoblanadi. Zavod tabiiy gazni qayta ishlash orqali aviakerosin, sintetik dizel, nafta va propan ishlab chiqarib, yiliga 500 mln dollarlik import o‘rnini bosishi kerak edi. Amalda esa dizel importining bunday oshishi qator savollarni yuzaga keltirmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz'ga bergan intervyusida loyiha tarixi, u qay maqsadlarda ishga tushirilgani va amalda natija qanday bo‘lgani haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Faqat pudratchilar yutdi”

— GTL zavodi O‘zbekistonda dizel va aviakerosin ishlab chiqarish va iste’moli bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun qurilgan, g‘oyasi shunaqa bo‘lgan. Demak, mantig‘i bo‘yicha, bu zavod qurilganidan keyin, O‘zbekistonda aviakerosin va dizel bilan bog‘liq muammo bo‘lmasligi kerak edi.

Tarixni unutib qo‘yamiz-da... GTL zavodini qurish bo‘yicha 2008 yilda tashabbus ko‘rsatilgan, birinchi prezident Islom Karimovga taqdimot qilishgan. Unda bu loyiha “O‘zbekneftgaz”, Janubiy Afrika Respublikasining Sasol Synfuels va Malayziyaning Petronas kompaniyalari konsorsiumi tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan. E’tibor qarating: loyihaning qiymati 2,5 mlrd dollar bo‘lgan.

2011-2012 yillarda jahon iqtisodiy krizisidan keyin malayziyaliklar va janubiy afrikaliklar loyiha iqtisodiy ma’noga ega emas, samarador bo‘lmaydi deb, loyihadan chiqib ketishgan. 2013 yil oxiri, 2014 yilda loyiha butunlay muzlatilgan, to‘xtatilgan. Yangi davr kelgandan keyin, shonli energetiklarimiz iqtisodiy samarasi bo‘lishi dargumon bu loyihani yana ko‘tarib olib chiqishgan. Loyihaning qiymati – sizlar 3,4 mlrd dollar deb yozyapsizlar – 4 mlrd dollargacha oshgan.

Endi bu loyihadan kim yutdi deb savol beraylik. O‘zbekistonliklar yutgani yo‘q, “O‘zbekneftgaz” yutgani yo‘q, faqat pudratchilar yutdi. Solishtiring ko‘ring: yonimizda Turkmaniston ham bizdan avval GTL zavodi qurgan – 1,7 mlrd dollarga. Ishlayapti.

Tabiiy gaz defitsiti zavodga 100 foiz quvvatda ishlash imkonini bermaydi

— Ikkinchidan, bunaqa zavodlar doimiy xomashyo bilan ta’minlanishiga kafolat bo‘lgan holatdagina qurilishi kerak. Men tashqi faktorlarni, narxlar o‘zgarishini, tashqi bozorlardagi konyunktura dinamikasini aytmayapman, eng asosiy faktor – gaz bilan ishlaydi. Ta’minoti doimiy va barqaror bo‘lishiga ishongan holatda, bunga kafolat bo‘lgan holatda qurilishi kerak bunday zavodlar.

Energetiklar bizda 2022 yili gaz bilan bog‘liq defitsit boshlanishini juda yaxshi bilishgan, bila turib shu zavodni qurishgan. Ana, butun qish davomida GTL zavod ishlamaydi. Agar ko‘rsatkichlarini qarasangiz – ular ko‘rsatkichlarini ham ochmaydi – 30 foiz quvvatda ham ishlayotgani yo‘q. Narxi qimmatlashtirilgani uchun o‘zi 100 quvvatda ishlaganida ham o‘zini qoplab, foydaga chiqishi savol ostida. 30 foiz quvvatda ishlab, qanday qilib foydaga chiqadi?

Shu o‘rinda aytib ketay, “O‘zbekneftgaz”ning auditorlariga ham savol bor. GTL Uzbekistan – “O‘zbekneftgaz”ning asosiy aktivi hisoblanadi. “O‘zbekneftgaz”ning kreditorlari, hamkorlari GTL Uzbekistan'ning moliyaviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha chuqurroq axborotlarni bilishga haqli. Chunki “O‘zbekneftgaz”ning moliyaviy holati GTL bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq.

Import o‘rni bosildimi? Yo‘q. Dizel arzonlashdimi? Yo‘q.

— Bu zavod ishga tushishidan avval e’lon qilishganki, biz zavodni ishga tushirganimizdan keyin 500 mln dollarlik import qoplanadi, yana 200 mln dollarlik eksport ham qilamiz, deyishgan. Loyihada shunaqa bo‘lgan, shunaqa chizib berishgan. Lekin zavod ishga tushganidan keyin, importni qoplash o‘rniga, importni 7 barobar oshirdik (dizel importi nazarda tutilmoqda – tahr.).

Ikkinchi savol: dizel arzonlashib qoldimi? Yo‘q. Qarang, birjada 13 mln so‘mdan sotilyapti. Dizel bizda Qirg‘izistondan qimmat. Qozog‘istonni aytmayapman, mayli, ularda xomashyo bazasi bor. Qirg‘izistonda esa umuman hech qanaqa xomashyosi yo‘q, 100 foiz import qiladi, shunga qaramay dizel O‘zbekistondan arzon.

Faqatgina tor manfaatlarga xizmat qiladigan ikkinchi masala – GTL ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning chegirma bilan eksport qilinayotgani. O‘zimizda ichki iste’molchilar birjadan tonnasini ming dollardan ortiqqa sotib olayotgan paytda, bular chegirma bilan 600 dollardan eksport qilyapti. Bu nima bilan izohlanadi? Qaysi mantiq bilan izohlanadi? Kimdir tushuntiradimi, axir bu – O‘zbekistonning mulki.

Aviaqatnovlar masalasi ham hal bo‘lgani yo‘q

— Yaqin-yaqingacha O‘zbekistonda nima sababdan ham ichki, ham tashqi aviaqatnovlar bo‘yicha tariflar baland, aviachiptalar judayam qimmat degan savolga ular doim: “bizda aviakerosin bilan bog‘liq muammo bor, aviakerosinimiz qimmat, import qilishga majburmiz” deb javob berishardi. Endi, buning chuqur boshqa sabablari ham bor. Mana, zavod ishga tushdi. Ular ishlab chiqaradigan aviakerosin bilan O‘zbekiston huddi Dubay, Istanbulga o‘xshagan aviatsiya habiga aylanishi kerak edi. Arzon aviakerosin mavjud bo‘lgan joyga hamma aviakompaniyalar qo‘nib o‘tadi, “zapravka” qiladi, texnik-texnologik ta’mir oladi. Nega Toshkent yoki Samarqand shunaqa habga aylanmayapti? Qanchaga tushyapti bularning aviakerosini? O‘zi qancha ishlab chiqarishyapti, GTL ishlab chiqargan aviakerosin o‘zi O‘zbekistonda ishlatilyaptimi? Savollar bor, birortasiga javob berishgani yo‘q.

Aviakerosin bilan bog‘liq yana bitta narsa bor. O‘zbekistonning asosiy aviakompaniyasini aviakerosin bilan ta’minlash bo‘yicha ham monopoliya mavjud. Hech qanaqa tanlovsiz bitta kompaniyaga topshirib qo‘yilgan. Bu – GTL'dan tashqaridagi masala, lekin umumiy energetik kontekstda ko‘rilishi kerak bo‘lgan masala.

Qarzlar masalasi ham bor

— O‘zbekistonliklar o‘ylashi mumkin, mayli, 4 mlrd dollarga qurildi, bo‘ldi deb. Yo‘q, qarzlar masalasi ham bor. Aynan shu qarzlari tufayli ham o‘tgan yili Amerikaning Air Producs kompaniyasi bilan bular aslida lizing kelishuvi qilishgan. Investitsiya deb aytishyapti, texnologik zanjirning bir qismini Air Producs'ga topshirishgan, 1 mlrd dollarga. Qo‘pol qilib aytganda, qarzlarni qaytarish uchun GTL'ning bir qismini Air Producs'ga qaytarma lizing shaklida sotishgan.

Hozirgi energetika bilan bog‘liq og‘ir, murakkab vaziyatda bu savollarni ularga berish kerak, deydi Otabek Bakirov.

Dizel ishlab chiqarish kamaygan

E’tiborlisi, dizel importi oshishi bilan parallel ravishda, uni O‘zbekistonda ishlab chiqarish hajmi kamaygan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, yilning birinchi yarmida 500 ming tonna dizel ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu – o‘tgan yilning birinchi yarmidagi ko‘rsatkichdan 7,4 foizga kam. Kun.uz bu kamayish sabablari bilan qiziqib, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasiga savol yo‘lladi.

Mavzuni kengroq oladigan bo‘lsak, dizel – importi oshib borayotgan yagona energotashuvchi emas. 2024 yilning yanvar-iyul oylarida yoqilg‘i-energetika va neft mahsulotlari importi 1,5 barobarga oshib, 694 mln dollarni tashkil qilgan.

Xususan, suyuq yoqilg‘ilar importidagi anomal yuqori o‘sish diqqatga sazovor. O‘tgan yilning 7 oyida 1943 tonna suyuq turdagi yoqilg‘ilar olib kirilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich salkam 10 barobarga oshib, 19 025 tonnaga yetgan.

Bundan tashqari, o‘tgan yil bilan taqqoslaganda mazut importi ikki barobarga, benzin importi esa 1,6 barobarga oshgan.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: