Blogerlar: Ukraina Kursk oblastidagi Seym bo‘ylab barcha ko‘priklarga zarba berdi

Jahon 12:05 / 20.08.2024 4793

Kursk oblastidagi hujum chog‘ida Ukraina qurolli kuchlari Glushkovo tumanida Seym daryosi ustidagi uchinchi va oxirgi ko‘prikni vayron qildi, deb xabar berdi rossiyalik urush tarafdori bo‘lgan blogerlar Vladimir Romanov va Yuriy Podolyak 19 avgust, dushanba kuni.

Bu ma’lumot hali rasman tasdiqlanmagan, biroq Podolyak xabarini o‘z Telegram-kanalida Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchining maslahatchisi Roman Alexin tarqatgan. Harbiy muxbirning xabarida, xususan, Karij qishlog‘i yaqinidagi ko‘prik tunda zarbaga uchragani va hozirda Rossiya harbiylari pontonlardan o‘tish uchun foydalanayotgani aytiladi.

Hammasi bo‘lib, butun Glushkovo tumanini kesib o‘tuvchi Seym daryosi bo‘ylab uchta ko‘prik qurilgan: Glushkovo, Zvannoye va Karij qishlog‘ida. 16 avgust kuni Glushkovodagi o‘tish joyi vayron qilingani ma’lum bo‘ldi. Keyin Ukraina havo kuchlari Glushkovoga qo‘shni Zvanne qishlog‘idagi ko‘prikka zarba bergan. Karij qishlog‘i yaqinidagi ko‘prik bu hududdagi rus armiyasiga qurol-yarog‘ va oziq-ovqat yetkazib beriladigan oxirgi o‘tish joyi bo‘lib qoldi. 

Ukrainaning Kursk oblastidagi hujumi 

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi keng ko‘lamli hujum operatsiyasi 6 avgustdan beri davom etmoqda. Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi 2022 yil fevralida boshlanganidan beri bunday turdagi birinchi hujumdir. 

9 avgust kuni Rossiya hukumati Belgorod, Bryansk va Kursk oblastlarida «aksilterror operatsiyasi rejimi»ni joriy qildi. 12 avgust kuni Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov jangovar hududdan 120 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilinganini bildirdi va Ukraina qurolli kuchlari mintaqadagi 28 aholi punkti ustidan nazorat o‘rnatganini tan oldi. 

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik harbiylar Kursk oblastidagi 1150 kilometr kvadrat maydondagi 80 dan ortiq aholi punktlarini o‘z nazoratiga olgan va Rossiya hududiga 35 km chuqurlikda kirib borgan. 

Ko‘proq yangiliklar: