O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi otashkesim sari
Isroilga safar qilayotgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Isroil prezidenti Ishoq Hersog bilan uchrashuvi chog‘ida Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasidagi kutilayotgan muzokaralar bosqichi garovdagilarni qutqarish va o‘t ochishning uzil-kesil to‘xtatilishini ta’minlash bo‘yicha “so‘nggi imkoniyat” bo‘lishini ta’kidladi.
«Bu — garovda ushlab turilgan barchani o‘z uylariga qaytarish, o‘t ochishning to‘xtatilishiga erishish va barchani mustahkam tinchlik va xavfsizlik yo‘liga tushirish uchun hal qiluvchi palla, ehtimol eng yaxshi va so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkin”, — deya AQSh davlat kotibining so‘zlarini keltirmoqda AFP.
«Buni qilish fursati yetdi», — degan Blinken, AQSh prezidenti Jo Bayden uni “kelishuvni ma’lum bir marragacha olib borish, pirovard natijada o‘sha marrani bosib o‘tish” uchun jo‘natganini qayd etib.
Entoni Blinken Quddusda Isroil prezidenti Ishoq Hersog va bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan uchrashgan.
AQSh davlat kotibi mintaqaga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni amalga oshirishga urinib ko‘rish uchun tashrif buyurgan. U bugun Misr poytaxti Qohiraga ham boradi. Bu yerda hafta ichida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar qayta boshlanishi kutilmoqda.
G‘azodagi vaziyat
Isroil 450 ming falastinlikni avvalroq o‘zlari «xavfsiz zona» deb e’lon qilgan hududlardan ko‘chib ketishga majbur qilmoqda. Bu majburiy ko‘chirish xalqaro huquqqa ziddir.
Fuqarolik mudofaasi boshqarmasining G‘azo sektoridagi vakili Mahmud Basalga ko‘ra, Isroil Xon-Yunus shahrining sharqiy va markaziy qismlari aholisini, shuningdek, Dayr ul-Balah shahri, al-Mag‘aziy va az-Zuvayda tumanlarida boshpana topgan falastinliklarni evakuatsiya qilishni rejalashtirmoqda.
«Bu humanitar vaziyatni yanada yomonlashtiradi», - deya ogohlantirgan Mahmud Basal.
Mahmud Basal «zo‘ravonlik va ocharchilik bilan qo‘rqitish» orqali majburan ko‘chirish xalqaro huquqqa zid ekanligini eslatdi.
Uning ta’kidlashicha, isroillik harbiylar Xon-Yunus va markaziy G‘azo mintaqasidagi qochqinlar lagerlarida yashovchi falastinliklarni bir necha bor ko‘chirdi.
Basal BMT va Xalqaro sudni «Isroilga G‘azo sektoridagi falastinliklarni ko‘chirish siyosatini to‘xtatish uchun bosim o‘tkazishga» chaqirdi.
G‘azo sektori aholisining 90 foizi Isroil armiyasining hujumlari tufayli uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Ko‘plab falastinliklar vaqtinchalik chodirlarda yashashga majbur.
Rossiya-Ukraina urushi
Ukraina Rossiyaning Kursk oblastidagi harbiy amaliyotini davom ettirmoqda. 92 ta aholi punkti allaqachon Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostida, degan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Ukraina harbiylari Kursk oblastida o‘z nazorati ostiga olgan hudud 1250 kilometr kvadratni tashkil etmoqda.
Zelenskiyga ko‘ra, Ukraina uchun asirlarni ayirboshlash fondi ham to‘ldirilmoqda.
«Umuman olganda, bu operatsiya ukrainaliklarni rus asirligidan ozod qilish jarayonidagi eng katta sarmoyamiz bo‘ldi, biz bir operatsiyada eng ko‘p rus asirlarini qo‘lga kiritdik va bu harakatlarimiz davom etmoqda», dedi Zelenskiy.
Bir necha oy oldin dunyoda ko‘pchilik bunday operatsiyaga ishonmagan va Rossiya hududiga bostirib kirishni eng katta «qizil chiziq» deb hisoblagan.
«Shuning uchun ham askarlarimizning haqiqiy tayyorgarligi haqida hech kim eshitmagan. Endi jangchilarning haqiqiy muvaffaqiyatini ko‘rib turishibdi, chegaraning narigi tomonidagi faol harakatlarimiz va Putin o‘z hududini himoya qila olmasligi ko‘p narsadan dalolat beradi», dedi Zelenskiy.
Ukraina rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Kursk oblastidagi operatsiya Rossiya terroriga qarshi eng samarali chora bo‘lib, tajovuzkor davlat uchun vaziyatning haqiqiy murakkablashishini ta’minlaydi.
«Sheriklarimiz bunday dadillikda biz bilan hamohang bo‘lishi muhim, shunda Rossiyaning adolatli tinchlikdan boshqa qadami qolmaydi», deb ta’kidladi Zelenskiy va hamkorlarning qurollaridan Rossiya bo‘ylab zarba berishga ruxsat so‘radi.
Modining Kiyevga tashrifi
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Vashington va Moskva bilan aloqalarni qayta tiklash maqsadida 23 avgust kuni Kiyevga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.
Bloomberg nashriga ko‘ra, Modi Rossiyaning Ukrainadagi urushini tugatishda vositachi rolini o‘z zimmasiga olishdan bosh tortgan, ammo Vladimir Putinning mujdalarini Volodimir Zelenskiyga yetkazishga rozi bo‘lgan. Jumladan, u 2022 yil fevralida boshlangan keng ko‘lamli urushni to‘xtatish uchun muloqot va diplomatiyaga chaqirmoqchi.
«Modining Ukrainaga tashrifi, Hindistonning uzoq yillik ittifoqchisi bo‘lgan Rossiyaga tashrifi Vashingtonda umidsizlikka sabab bo‘lganidan so‘ng, AQSh rasmiylari Hindiston bilan yaqin aloqalarni o‘z tashqi siyosatining asosiga aylantirganidan keyin sodir bo‘lmoqda», deyiladi Bloomberg xabarida.
Qayd etilishicha, Modining Ukrainaga tashrifi xavfsizlik nuqtai nazaridan bir necha soat davom etadi.
«Hindiston Zelenskiyning Global Janub deb ataladigan asosiy mamlakatlarning marhamatini qozonish tashabbusida markaziy rol o‘ynaydi, ammo bu yil iyun oyida Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan sammitda Hindiston yakuniy bayonotni imzolamagan davlatlar qatoriga kirdi. Bu esa Ukrainaning Rossiya bosqinchi kuchlariga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha urinishiga zarba bo‘ldi», deyiladi maqolada.
Kun tartibi bilan tanish bo‘lgan odamlarning ta’kidlashicha, Modi bilan uchrashuv katta bayonotlarga olib kelishi dargumon. Bir nechta kelishuvlar, shu jumladan qishloq xo‘jaligi va mudofaa bo‘yicha ish olib boriladi.
Muvaffaqiyatsiz loyiha
«Sila Sibiri-2» Rossiya — Xitoy gaz quvuri loyihasi amalga oshirilmaydi. Rossiya, Xitoy va Mo‘g‘uliston loyiha shartlari bo‘yicha kelishuvga erisholmagani ta’kidlanmoqda.
Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi «Sila Sibiri-2» gaz quvuri Mo‘g‘ulistonning 2028 yilgacha bo‘lgan milliy rivojlanish rejasiga kiritilmadi. Bu haqda The South China Morning Post xabar berdi.
Shunday qilib, prezident Vladimir Putinning Xitoyga gaz yetkazib berishni ko‘paytirish va yangi «Sila Sibiri–2» quvurini qurish loyihasi yaqin yillarda amalga oshirilmaydi, deb aniqlik kiritdi nashr. Qayd qilinishicha, 2,5 ming km uzunlikdagi gaz quvuri Mo‘g‘uliston orqali o‘tishi lozim edi.
Nashrning Mo‘g‘uliston Xavfsizlik kengashining sobiq a’zosi Munxnar Bayarlxavgga tayanib yozishicha, Moskva Pekin bilan loyiha bo‘yicha kelishuvga erisha olmagan.
«Biz uzoq pauzaga kiryapmiz, chunki Moskva Pekindan o‘zi xohlagan kelishuvga erisha olishiga endi ishonmayapti va ehtimol loyiha boshqa muddatga qoldiriladi», dedi u.
Rossiya tranzit daromadlaridan tashqari, Mo‘g‘ulistonga loyiha quvvati yiliga 50 mlrd metr kub bo‘lgan quvurdan gaz olishni ham taklif qilgan edi.
2022 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy rahbari Si Jinpingga «Gazprom»ning Yevropa bozoridagi yo‘qotishlarini qoplashi uchun Rossiyadan gaz sotib olishni yiliga 100 milliard metr kubgacha oshirishni taklif qildi. Biroq, Si yakunda loyihani ma’qullamadi.
Financial Times xabariga ko‘ra, tomonlar gaz narxi bo‘yicha kelisha olmagan: Xitoy gaz uchun narxni Rossiyaning ichki bozori uchun belgilangan darajaga, ya’ni ming metr kubi uchun taxminan 60 dollarga tushirishni talab qilgan. Bu Rossiya gazining bugungi kunda Xitoyga sotayotgan narxidan to‘rt baravar kam: «Sila Sibiri-1» gaz quvuri orqali har ming metr kub uchun 260 dollar to‘lanmoqda.
Antiqa topilma
Turkiyada insoniyatning eng qadimgi taqvimi topildi, uning yoshi 13 ming yil ekani aytilmoqda.
Dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri – Go‘beklitepada ulkan tosh ustunlarga o‘yilgan g‘ayrioddiy chizmalar topilgan. Olimlarning fikricha, ular muhim samoviy hodisalarni, jumladan, quyosh, oy va yulduzlarning joylashuvini kuzatuvchi taqvimdir.
Qadimgi Go‘beklitepa shahrining yoshi 12 ming yildan oshadi. Tosh ustunlardagi hayvonlarning suratlari va boshqa mavhum belgilar yangi tadqiqot mavzusi bo‘ldi.
“Tosh ustunga o‘yilgan belgilar tarixdagi eng qadimiy quyosh taqvimi bo‘lishi mumkin, ular aftidan, kometalarning halokatli zarbasidan xotira sifatida yaratilgan”, — deyishmoqda olimlar.
Ekspertlarning fikricha, bu belgilar insoniyat sivilizatsiyasi tarixida muhim burilish yasagan global astronomik hodisani aks ettirishi mumkin.
Go‘beklitepada topilgan taqvim shu paytgacha eng qadimiy deb hisoblangan taqvimdan ming yilga “qadimiyroq”.