Bugun, 19 iyun kungi brifingda Sanepidqo‘mita boshqarma boshlig‘i Rustamjon Ikromov maymunchechakning yuqishi va unga qarshi O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Ikromovning ta’kidlashicha, maymunchechak kasalligi virusli infeksiya bo‘lib, odamlarga ifloslangan narsalar yoki kasal hayvonlar bilan muloqot va jinsiy muloqot orqali yuqishi mumkin.
Shuningdek, u kasallik O‘zbekistonga kirib kelgan taqdirda, qanday choralar ko‘rilishini sanadi. Jumladan:
• yuqumli kasalliklar shifoxonasida yotqizish maqsadida shifo-o‘rinlari, zarur dori vositalari zaxirasi tashkil etildi;
• kasallikka chalingan bemor bilan muloqotda bo‘lganlarning 21 kun mobaynida tibbiy kuzatuvini tashkil etish belgilab olindi;
• kasallikning chetdan kirib kelishi va tarqalishi oldini olish borasida xalqaro aeroportlarda, temiryo‘l va avtomobil yo‘llari orqali chegara kesishgan joylarda sanitariya nazorati punktlari mutaxassislarining hushyorligi oshirildi;
• maymun chechagi kasalligining etiologiyasi, klinikasi, epidemiologiyasi va profilaktikasi bo‘yicha uslubiy qo‘llanma asosida mutaxassislarning malakasi oshirildi;
• kasallikni laborator aniqlash uchun test-diagnostikum zaxirasi yaratilmoqda.
Sanepidqo‘mita vakili bu kasallikning O‘zbekistonga kirib kelmasligi uchun qat’iy choralar ko‘rilayotganini eslatib, fuqarolardan har qanday holatda shifokorlarga ishonch bildirishni va sog‘lig‘iga jiddiy munosabatda bo‘lishni so‘radi.
“Turli davlatlarga tashriflarni hech kim chegaralagani yo‘q, biroq o‘sha davlatlarda bo‘lib qaytgandan so‘ng yoki boshqa sabablarga ko‘ra sog‘lig‘imizdagi ba’zi o‘zgarishlarni faqat shifokorlarga murojaat qilgan holda to‘g‘ri tashxislash va davolash kerakligini unutmaslikni so‘rayman”, – dedi Rustam Ikromov.
Ma’lumot uchun, 14 avgustda JSST maymunchechak kasalligi tarqalishi bo‘yicha favqulodda holat e’lon qilgandi. Kasallikning IIb kladasi 2022-2023 yillarda asosan Afrika davlatlarida tarqalgan edi. 2024 yilda Ib kladasi yangi to‘lqinni keltirib chiqarayotgani ma’lum qilindi.