Venesuelada munozarali prezidentlik saylovlaridan keyin minglab odamlar namoyishga chiqdi. 17 avgust kuni poytaxt Karakasda bo‘lib o‘tgan mitingda, avvalroq hibsga olinishidan qo‘rqib, uzoq vaqt davomida mamlakatda yashirinib yurgan muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machado ham ishtirok etdi.
Mariya Korina Machado yig‘ilganlarga Nikolas Maduroning yangi prezidentlik muddatiga qarshi «oxirigacha» kurashishga va’da berdi va odamlarga «ko‘chalarni tark etmasliklari kerakligini» aytdi. Machado, shuningdek, Venesuela xavfsizlik kuchlarini muxolifat tomoniga o‘tishga chaqirdi.
Maduro Venesuela rahbari etib qayta saylandi
Venesuelada prezidentlik saylovlari 28 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Mamlakat hukumati nazoratidagi saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, avvalroq mamlakatga ikki muddat prezidentlik qilgan Nikolas Maduroni saylovchilarning 51,2 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Biroq xalqaro kuzatuvchilarga saylovlarda ishtirok etishiga ruxsat berilmagan.
Muxolifatga ko‘ra, saylov byulletenlari adolatli hisoblanganda muxolifat nomzodi Gonsales taxminan 67 foiz ovoz bilan saylovda g‘alaba qozonishi kerak edi. Maduroning raqiblari Venesuela bo‘ylab to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov uchastkalaridan olingan byulletenlarning 80 foizdan ortig‘ini e’lon qildi.
Saylov natijalari e’lon qilingach, Karakas va Venesuelaning boshqa shaharlarida soxtalashtirishga qarshi namoyishlar boshlandi. Politsiya va harbiylar namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan. Turli manbalarga ko‘ra, mamlakatdagi namoyishlar chog‘ida 23-25 kishi halok bo‘lgan.
YeI va AQSh Venesueladagi saylov natijalarini tan olmadi
Qo‘shma Shtatlar muxolifat nomzodi Edmundo Gonsalesni saylov g‘olibi deb rasman e’lon qildi. Davlat kotibi Entoni Blinken Venesuela hukumatini «Venesuela saylov qonunlari va Venesuela xalqining xohish-istaklariga muvofiq hokimiyatni hurmatli, tinch yo‘l bilan o‘tkazish bo‘yicha munozaralarni boshlashga» chaqirdi.
Bundan tashqari, AQSh maxfiy muzokaralar davomida Nikolas Maduroga amnistiya evaziga Venesuela prezidenti lavozimidan ixtiyoriy ravishda voz kechishni taklif qilgan. Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) manbalariga tayanib xabar berdi. 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Maduro Qo‘shma Shtatlardan «Venesuelaning ichki ishlariga aralashmaslikni» so‘radi va agar Vashington unga hurmat ko‘rsatsa, muzokaralarga ochiqligini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqi saylov protokollarini xalqaro miqyosda tan olingan organ tomonidan mustaqil ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bryussel Maduroning ikkinchi muddatga qonuniyligini ham tan olmagan – mamlakatdagi avvalgi saylovlar ham xuddi shunday ssenariy bo‘yicha o‘tgan, shundan so‘ng uning rejimi muxolifatni ta’qib qila boshlagan va mamlakatda uzoq davom etgan siyosiy inqiroz boshlangan.