“Sud o‘tguncha, g‘o‘za qurib qoladi” - Xorazmda fermer va HETK o‘rtasidagi nizo hosilga tahdid solmoqda

O‘zbekiston 15:33 / 19.08.2024 6605

Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi “Ulug‘bek” fermer xo‘jaligi va elektr ta’minoti korxonasi o‘rtasida qarzdorlik masalasida nizoli vaziyat yuzaga kelgan. Kun.uz'ga murojaat qilgan fermer yuzaga kelgan bu holatdan 47 gektar ekin maydonidagi g‘o‘za zarar ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Fermerning ekin dalalari nasoslar bilan suv ichadi. Elektrdan uzib qo‘yilgani uchun fermer g‘o‘zasini sug‘ora olmayapti.

Fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Rahmatjon Ibodullayevga ko‘ra, qarzdorlik bo‘yicha ularni bexabar qilmagan holda sud ham o‘tkazilgan.

1994 yildan buyon faoliyat yuritamiz. Bunaqasi hali bo‘lmagan edi. Elektr ta’minoti korxonasi xodimlari doim elektrdan qarzdorligimizni aytardi va biz o‘sha summani to‘lab qo‘yardik, surishtirmasdik ham raqamlar to‘g‘ri-noto‘g‘riligini. Joriy yilning iyun oyi o‘rtasida elektr energiyasini uzib ketishdi. “Elektroset”ga bordim, 63 mln so‘mdan ortiqroq qarzim borligini aytishdi. 2023 yilning oktyabr oyida sud ham qilib qo‘yishgan ekan, bundan bexabar qolibmiz. Nima ham derdim, ishni davom etishim kerak – borib 71 mln 469 ming so‘m to‘lab keldim.

Elektrni ulashdi, ammo 47 gektar paxtani sug‘orib-sug‘ormasimdan yana uzib qo‘yishdi. Elektr ta’minoti korxonasiga borsam, 34,5 mln so‘m penya ham borligini aytishdi. Shuning uchun o‘chirishibdi. Ya’ni, bizga bildirilmasdan sud qilinyapmiz, biz bilmagan qarzdorlik uchun yana penyasini ham to‘lashimiz kerak”, deydi Rahmatjon Ibodullayev.

Shundan keyin fermer tuman prokurori va hokimga og‘zaki murojaat qilgan. Elektr energiyasini ulab berishgan. Lekin uch kundan keyin yana o‘chirishgan. So‘ngra fermer yuqori tashkilotlarga qarzdorlikni kechiktirib turishni so‘rab murojaat yozgan.

Elektr ta’minoti korxonasiga chaqirishdi va tushuntirish xati yozib berishimni so‘rashdi. Lekin men yozgan tushuntirish xati ularni qoniqtirmadi, xatda o‘z minnatdorchiligimni bildirishim kerak ekan. Men yozmadim. Bir soatdan keyin elektrni yana uzib qo‘yishdi. Keyin bizga murojaatingiz ijobiy hal qilindi, degan ma’noda xat keldi. Holbuki, elektrdan hamon uzilganmiz. Paxta esa ko‘sak tashlashda davom etyapti”, deya ta’kidlaydi xo‘jalik ish yurituvchisi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm viloyati filiali rahbari bu holatni izohlar ekan, fermerni yuzaga kelgan qarzdorlikni to‘lamaslik uchun turli idoralarga “yozib” yurganlikda aybladi. Unga ko‘ra, fermer hali qarzdorlikni to‘liq qoplamagan. Shu sababli, xo‘jalik elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilgan.

Tahririyatga mahalliy elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 97 mln 632 ming so‘m qarzdorlikni tasdiqlovchi akt-sverka ham taqdim etildi. Ammo unda na fermer xo‘jalikning muhri, na fermerning imzosi bor.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi tegishli qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi korxonalari tasarrufidagi elektr energiyasi iste’molini hisobga olish uskunalari bilan ta’minlangan nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarining paxta xomashyosi va g‘alla yetishtirish uchun iste’mol qilgan elektr energiyasi qiymati Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi nazarda tutilgan.

Qaror bilan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlangan. Ushbu nizomda iste’molchilarning paxta xomashyosi va g‘alla yetishtirishda nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qilgan elektr energiyasining qiymatini qoplash tartibi va belgilangan talablar keltirib o‘tilgan.

Davlat tomonidan shuncha imkoniyatlar taqdim etilayotgan bir paytda elektr ta’minoti korxonasining hosilni ko‘tarishga yaqin turgan fermerga nisbatan bunday harakati biroz tushunarsiz holat.

Fermer elektr energiyasi qarzdorligidan yuzaga kelgan penyani shu topda to‘lolmay turibdi. Shu sabab uni elektr energiyasi tarmog‘idan uzishgan. Ammo paxta hosili suvsizlikdan nobud bo‘lsa, vaziyat yanada chigallashadi. Bu esa ikki tomonning ham manfaatiga zid. Agar paxta pishib, hosil terib olinishiga imkon berilsa “bo‘ri ham to‘yadi, qo‘ylar ham omon qoladi”.

Shokir Sharipov,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: