Saida Mirziyoyeva Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar ijrosini nazorat qiladi

O‘zbekiston 20:24 / 19.08.2024 14261

Prezident boshchiligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, Qoraqalpog‘iston aholisini rozi qilish, hayotini yaxshilash, inson qadrini ulug‘lash bo‘yicha hudud rahbariyatida tashabbuskorlik yetishmayotgani, tuman hokimlari esa bunga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emas, deb topildi.

Yil boshidan Bo‘zatov, Beruniy, Qorao‘zak, Kegeyli, Mo‘ynoq, Taxiatosh, Taxtako‘pir, Xo‘jayli va Shumanayda investisiya 5 million dollarga ham yetmagani qayd etildi. Investisiya hisobiga tashkil qilingan ba’zi korxonalar ishlamayotgani, hududda eksport 100 million dollardan kam bo‘lgani tanqid qilindi.

Yil boshidan Qoraqalpog‘istondagi korxonalar 350 milliard so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalandi. Natijada tadbirkorlar “soya”dan chiqqani, faoliyatini kengaytirgani hisobiga 4 ming aholi ishli bo‘ldi. Lekin, imtiyoz olgan ayrim korxonalarda ish o‘rinlari kamaygan.

Nukus, Kegeyli, Chimboy, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarini “ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud”ga aylantirish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.

"Qoraqalpog‘istonda biznes uchun yaratilgan imkoniyat va sharoit boshqa birorta viloyatda yo‘qligi hisobga olinsa, shahar-tuman hokimlari bu imkoniyatlarni loyiha va ish o‘rniga aylantira olganda, ko‘rsatkichlar 5-10 karra yuqori bo‘lardi", — dedi davlat rahbari.

Prezident Qoraqalpog‘iston tuman va shahar hokimlari mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim bo‘lishini ta’kidladi.

Bunda, tuman va shahar hokimlari har oyda o‘ziga biriktirilgan bittadan viloyatga boradi, ulardagi yaxshi tajribalarni o‘rganadi va tumanida joriy qiladi. Tadbirkorlarga o‘z hududidagi salohiyat va ustun jihatlarni tadbirkorlarga taqdimot qiladi, kamida 5 tadan tashabbuskor topib, o‘z tumaniga olib keladi va loyihani boshlaydi.

Haftada bir kunni to‘liq tadbirkor va investorlarga ajratib, muammosiga yechim topadi. 

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston hududlari bilan boshqa viloyatlardagi tumanlar o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha har yili investisiya forumi o‘tkaziladi.

Yig‘ilish davomida Qoraqalpog‘istonda amalga oshirsa bo‘ladigan yana 9,5 milliard dollarlik 120 ta istiqbolli loyihalar tayyorlangani ta’kidlandi.

Sentyabr oyida Qoraqalpog‘istonda yirik Investitsiya forumini o‘tkazish reja qilingan. Mas’ullarga forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq berildi.

Qoraqalpog‘iston tumanlari hokimlari va iqtisodiy kompleks yil yakunigacha 121 ming aholini band qilishi muhimligi ta’kidlandi.

Buning uchun tadbirkorlarning kredit va aylanma mablag‘ bilan bog‘liq masalasini tez-tez hal qilish, mahallalar ixtisoslashuvidan kelib chiqib, 9 mingta mikro va kichik loyihani ishga tushirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga 636 milliard so‘m yo‘naltirish vazifalari belgilandi.

Shularni hisobiga yil yakunigacha Qoraqalpog‘istonda kambag‘allik darajasi hozirgi 13,6 foizdan 8,5 foizga tushishi hisob-kitob qilingan.

Qoraqalpog‘iston aholisiga qulay sharoitlar yaratib berish uchun respublika budjetidan yil yakunigacha qo‘shimcha 100 milliard so‘m berilishi belgilandi.

Kelgusi yilda Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy soha va infratuzilma uchun 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish reja qilingan. Xususan, 24 ta maktab, 5 ta bog‘cha, 7 ta tibbiyot muassasasi quriladi va ta’mirlanadi.

Sanoat zonalari va yirik ishlab chiqarish obektlariga infratuzilma olib borishga 353 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Qoraqalpog‘istonning imkoniyatlarini to‘liq ishga solish maqsadida hududni rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosi ustidan nazorat prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva va prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tursinxon Xudayberganov zimmasiga yuklatildi.

Ko‘proq yangiliklar: