Rossiyada Telegram’ga kirishda muammolar kuzatildi. Hukumat messenjerni bloklashga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin

Jahon 19:09 / 19.08.2024 1756

Rossiyada Telegram foydalanuvchilari 19 avgust kechasi messenjer faoliyatida  uzilishlarga duch keldi. «Sboy.rf» va Downradar statistika servislariga ko‘ra, asosan Moskva va Sankt-Peterburgdagi foydalanuvchilar messenjerga VPN’siz kira olmay qolgan.

Internet himoyasi jamiyati direktori va Telegramʼdagi «ZaTelekom» kanali muallifi Mixail Klimaryovning ta’kidlashicha, nosozlik Rossiya hukumati tomonidan Telegram’ni bloklash yoki uzish bo‘yicha o‘tkazilgan test natijasida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Uning fikricha, messenjer faqat Rossiyada ishlamay qolgani bunga isbot bo‘la oldi. Dunyoning turli davlatlaridagi internet-resurslar faoliyati to‘g‘risida ma’lumot to‘plovchi Downdetecor servisi boshqa mamlakatlarda Telegram bilan nosozlik kuzatilganini qayd etmagan.

Avgust boshlarida «Roskomnadzor» «qonunchilikni buzgani uchun» Signal messenjeri bloklanishini e’lon qilgandi. Idoradagilarning qayd etilishicha, undan «terrorchilik va ekstremistik maqsadlarda» foydalanilgan.

Iyul oxirlarida esa Rossiya hukumati mamlakatda YouTube’ning ishlashini sekinlashtirdi. Shuningdek, Rossiyada YouTube videoxostingi muqobili sifatida ishlab chiqilgan «Platforma» mamlakatda Google servislari bloklanishi boshlangach ishlamay qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Avvalroq Google AdSense kontekstli reklamalar servisi Runetdagi ishini to‘liq yig‘ishtirib, Rossiyadagi foydalanuvchilarning qayd etish hisoblarini o‘chirishi ma’lum bo‘lgan edi.

“Biz barcha joylashgan mamlakati sifatida Rossiya ko‘rsatilgan AdSense akkauntlarini o‘chiramiz. Bunday akkauntlar orqali monetizatsiyadan daromad olish to‘xtatilganini bildiradi. Agar akkauntda to‘lovlarni qabul qilish o‘chirilmagan bo‘lsa va to‘lov marrasiga yetib kelinmagan bo‘lsa, iyul oyi uchun to‘lovlar 21-26 avgust oralig‘ida to‘lab beriladi”, — deyiladi Google Paymens jamoasi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: