Rossiyada o‘ziga to‘q aholi ommaviy ravishda xitoy tilini o‘rganishni istamoqda

Jahon 21:10 / 19.08.2024 2634

Rossiyaliklar orasida xitoy tili tobora ommalashib bormoqda: mamlakat aholisining 14 foizi uni o‘rganish niyatida. Bu haqda Super Job servisi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalarida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, respondentlar xitoy tilidan ko‘proq faqat ingliz tilini o‘rganishga xohish bildirgan — 38 foiz. Ularning ortidan nemis va yapon (har biri 5 foizdan), italyan va fransuz (4 foiz), ispan (3 foiz) hamda arab tillari (1 foiz) o‘rin olgan.

So‘rovda ishtirok etganlarning yana 5 foizi koreys, turk, portugal, chex va hatto sanksrit tilini o‘rganishga qiziqish bildirgan. 8 foiz respondent javob berishga qiynalgan, 13 foizi esa biror chet tilini o‘rganish niyatida emasligini, chunki xorijga chiqish rejasi yo‘qligini aytgan.

Shu bilan birga, daromadi 100 ming rubldan oshadigan rossiyaliklar orasida bu boradagi ko‘rsatkichlar boshqacha taqsimlandi: 20 foizi xitoy tilini o‘rganmoqchi ekanliklarini bildirgan bo‘lsa, 36 foizi ingliz tilini, 9 foizi esa ispan tilini o‘rganayotganini ma’lum qilgan. Super Job so‘rovida jami Rossiyaning turli hududlarida yashovchi 1600 iqtisodiy faol fuqarolar ishtirok etgan.

Avvalroq «Avito.Xizmatlar» servisi 2024 yilda rossiyaliklarning 9 foizi xitoy tilini o‘rganishni boshlaganini ma’lum qilgandi. Til o‘rganishga bo‘lgan qiziqish 15 foizga oshgani sabab xitoy tili o‘qituvchilarining xizmatlariga bo‘lgan talab ham ortgan.

Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti Xorijiy tillar filologiyasi fakulteti dotsenti Margarita Lagutkinaga ko‘ra, xitoy tilini o‘rganishga asosan kichik biznes uchun Xitoydan xaridlarni amalga oshirishni rejalashtirganlar qiziqish bildiryapti.

Bundan oldin Rossiya prezidentining fan va ta’lim bo‘yicha maslahatchisi Andrey Fursenko hukumatning xitoy tilini Rossiya OTMlari dasturiga kiritish rejasi borligi haqida gapirgandi. U buni xitoy tili ilm-fanda «asosiy» jahon tillaridan biriga aylanib borayotgani va ilmiy adabiyotlarning 30 foizi allaqachon nashr etilgani bilan izohlagan.

Ko‘proq yangiliklar: