Rossiyada xorij fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni kamaygani qayd etildi. Bu haqda Rossiya IIV matbuot kotibi Irina Volk xabar berdi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yetti oyida migrantlar ishtirokida sodir etilgan jinoyatlar soni 3,1 foizga kamaygan. Umuman olganda, xorijliklar orasida jinoyatchilik darajasi deyarli 5 foizga kamaydi.
«Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar soni 9,2 foizga kamaydi», dedi IIV vakili.
Jumladan, qotillik va qotillikka suiqasd 14 foizga, jinsiy daxlsizlik va jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar 2,5 foizga, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatlar 21,7 foizga kamaygan.
Avvalroq, Rossiyada chet el fuqarolarini ayrim huquqbuzarliklar uchun sud qarorisiz mamlakatdan chiqarib yuborish huquqini berish haqidagi qonun qabul qilindi.
Unga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari chet el fuqarolarini ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganligi uchun Rossiyadan deportatsiya qilish to‘g‘risida mustaqil ravishda qaror qabul qilishi mumkin.
Chet elliklar quyidagi huquqbuzarliklar uchun shu tariqa jazolanishi mumkin:
- giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi, tashish, iste’mol qilish va targ‘ib qilish;
- noan’anaviy jinsiy aloqalar va pedofiliyani targ‘ib qilish;
- vijdon va din erkinligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan holda missionerlik faoliyati;
- jamoat joylarida spirtli ichimliklarni iste’mol qilish;
- stadionlarda o‘zini tutish qoidalarini buzish.