Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukraina bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchraganini rad etdi. Idora The Washington Post (WP) nashrining bo‘lajak jarayon Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) Kursk viloyatidagi hujumi fonida to‘xtab qolgani haqidagi ma’lumotiga izoh berdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarovaning bayonoti 18 avgust, yakshanba kuni vazirlik saytida e’lon qilindi.
«Hech kim hech narsani to‘xtatmadi, chunki to‘xtatish uchun hech narsa yo‘q edi», deydi Zaxarova. Uning versiyasiga ko‘ra, Rossiya va Ukraina o‘rtasida «fuqarolik uchun muhim infratuzilma obektlari xavfsizligi bo‘yicha hech qanday to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita muzokaralar bo‘lmagan va hozir ham yo‘q».
Uning izohida, shuningdek, Rossiya Qurolli kuchlari dunyoni «keng miqyosdagi texnogen falokatdan» himoya qilayotgani aytiladi. Keyinroq bayonotda Moskvaning fikricha, Kiyev harakatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan «halokatli oqibatlar» yana bir bor tilga olingan.
WP: Qatar Ukraina va Rossiya delegatsiyalari bilan alohida uchrashishi kerak edi
The Washington Post 17 avgustda diplomatlar va rasmiylarga tayanib, avgust oyida Qatar vakillari vositachi bo‘lib, Ukraina va Rossiya delegatsiyalari bilan alohida uchrashishi kerak bo‘lganini, biroq bilvosita muzokaralar Ukraina Qurolli kuchlarining Kurskka hujumi oqibatida to‘xtab qolganini xabar qildi.
Gazetaning yozishicha, Moskva va Kiyev Dohaga delegatsiyalar yuborishi kerak edi. Nashrga ko‘ra, bo‘lajak kelishuv energetika infratuzilmasiga o‘zaro hujumlarni to‘xtatish bilan bog‘liq edi.
WP diplomatik manbasining qayd etishicha, Rossiya rasmiylari Kursk viloyatidagi voqealardan keyin Qatar rasmiylari bilan uchrashuvni keyinga qoldirgan. Moskva delegatsiyasi bo‘layotgan voqealarni «eskalatsiya» sifatida qabul qildi, deya ta’kidladi nashr suhbatdoshi va Kiyev Dohani hujum haqida ogohlantirmaganini qo‘shimcha qildi.
«Rossiya muzokaralarni bekor qilmadi», «ular (ruslar): «Bizga vaqt bering», deb aytdilar», dedi diplomat.
Manbaga ko‘ra, Ukraina hali ham Dohaga delegatsiya yubormoqchi bo‘lgan, biroq Qatar bir tomonlama uchrashuvni foydali deb hisoblamagani uchun rad javobini bergan. The Washington Post so‘roviga javoban Ukraina prezidenti idorasi Doha sammiti «Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli» qoldirilganini, ammo 22 avgust kuni video-konferensiya orqali bo‘lib o‘tishini, shundan so‘ng Kiyev kun tartibini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishini ma’lum qildi.
Kreml izoh taqdim etish to‘g‘risidagi so‘rovlarga javob bermadi.
Ukraina Kursk viloyatidagi yana bir ko‘prikni vayron qildi
6 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatida keng ko‘lamli hujum operatsiyasini boshladi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin birinchi marta xorijiy qurolli kuchlar Rossiya Federatsiyasi hududining bir qismini egallab oldi. 9 avgust kuni Rossiya hukumati Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida «aksilterror operatsiyasi rejimi»ni joriy etdi.
Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondoni general-leytenant Nikolay Oleshchuk 18 avgust kuni Ukraina qo‘shinlari Kursk viloyatidagi hujum paytida Zvannoye qishlog‘idagi Seym daryosi ustidagi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘prikni vayron etganini ma’lum qildi. U Rossiya armiyasi uchun katta ahamiyatga ega edi.