Rossiya Ukrainadagi frontdan 5000 harbiy xizmatchini Kurskka o‘tkazdi

Jahon 08:15 / 19.08.2024 9080

O‘tgan haftaning o‘rtalariga kelib Rossiya Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) hujumi fonida Kursk viloyatini himoya qilish uchun Ukrainadagi frontdan 5000 nafargacha harbiy xizmatchini jo‘natdi. Bu haqda 17 avgust kuni The Wall Street Journal (WSJ) xabar berdi

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi asosiy hujumkor kuchlari to‘plangan Donetsk viloyatidan faqat bitta brigada olib chiqilgan, qolganlari esa - frontning unchalik muhim bo‘lmagan hududlaridan.

Shu bilan birga, nashr suhbatdoshi Ukraina Qurolli kuchlarini Kursk viloyatidan chiqarib yuborish uchun Moskvaga 20 mingdan ortiq yaxshi tayyorlangan askar kerak bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildirdi. 

WSJ: Ukraina Kurskka 6 ming askar yubordi 

O‘z navbatida, G‘arb hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina hujumni qo‘llab-quvvatlash uchun Kurskka 6 minggacha va Sumi viloyatiga yana 4 minggacha askar yuborgan. WSJ manbasining aniqlik kiritishicha, front chizig‘ini zaiflashtirmaslik uchun qo‘shinlar muhim qismi zaxiradan chiqarilgan. 

Ukraina radioelektron kurash bo‘linmalari rus texnikasiga xalaqit berish va harbiylarning Ukraina pozitsiyalarini aniqlashlari yoki aloqalarni ushlab qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun asosiy mexanizatsiyalashgan hujum kuchlaridan oldin Rossiya hududiga o‘tgan, deb yozadi nashr. 

WSJ ta’kidlashicha, bu noodatiy joylashuv Ukraina hujumkor kuchlari atrofida «himoya pufagi» yaratdi. Hujumga Amerikaning Stryker zirhli jangovar mashinalari va Germaniyaning Marder piyoda jangovar mashinalari bilan jihozlangan Ukrainaning eng kuchli bo‘linmalaridan biri bo‘lgan 80- va 82-desantchilar brigadalari boshchilik qildi. 

Ukrainalik dron operatorlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, rus zirhli mashinalari kam bo‘lgan, chunki ular shimolga tortilgan va Ukraina hujumkor qo‘shinlari tezda Rossiya hududiga chuqur kirib borishga muvaffaq bo‘lishgan. 

AQSh Rossiyadagi nishonlar haqida Kiyevga razvedka ma’lumotlarini bermayapti

Operatsiyaga tayyorgarlik shu yilning yozi boshida, Ukraina Qurolli kuchlari Kursk infratuzilmasiga, jumladan elektr tarmoqlari, o‘q-dorilar va yonilg‘i omborlari hamda videokuzatuv uskunalariga hujum qilish uchun dronlardan foydalangan paytda boshlangan edi. 

Alohida chegara reydlari Ukraina razvedkasi ko‘magida amalga oshirildi. Nashrning qayd etishicha, amaliyot boshlanishidan ikki hafta oldin Ukraina dronlari Kursk yo‘lidagi chegara postida Rossiya kuzatuv tizimlarini yo‘q qilgan. Maxfiylik nuqtayi nazaridan, ko‘plab bo‘linmalar deyarli operatsiya boshlangunga qadar hujumdagi ishtiroki haqida bilmagan. 

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati ham Ukraina Qurolli kuchlarining rejalari haqida oldindan xabardor etilmaganini da’vo qildi. Vashington Kiyevga Rossiya hududiga zarbalar berish uchun AQSh tomonidan taqdim etilgan ATACMS uzoq masofali taktik ballistik raketalardan foydalanishni taqiqladi.

Bundan tashqari, AQSh Rossiya Federatsiyasi ichidagi nishonlar haqidagi razvedka ma’lumotlarini Ukrainaga bermayapti, chunki Moskva uni hujum operatsiyasida sherik deb bilishini istamaydi, dedi WSJ’ga bergan intervyusida yuqori martabali amerikalik amaldor. 

CNN: Rossiya Leningrad harbiy okrugi va Kaliningraddan harbiy xizmatchilarni mintaqaga yubordi

Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaning Kursk viloyatidagi hujumiga qaramay, Ukraina shimoli-sharqi va janubida, xususan Zaporijjyada «faol jangovar operatsiyalarni» davom ettirmoqda. Bu haqda 15 avgust kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining (MXK) strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi CNN telekanaliga ma’lum qildi. 

«Bizga ayonki, (Rossiya prezidenti Vladimir) Putin va rossiyalik harbiylar ba’zi resurslarni, ayrim bo‘linmalarni Kursk viloyatiga o‘tkazmoqda», - deya ta’kidladi Kirbi. Biroq, bu Kreml Ukraina shimoli-sharqi va janubidagi frontlarda operatsiyalardan voz kechganini anglatmaydi, dedi u.

G‘arb razvedkasi ma’lumotlari bilan tanish bo‘lgan boshqa ikki manbaga ko‘ra, Rossiya Ukrainadan Kurskka kattaroq, yaxshi tayyorlangan bo‘linmalarni ko‘chirishni rejalashtirmayapti. Suhbatdoshlardan birining so‘zlariga ko‘ra, Moskva Kursk mudofaasini asosan Rossiya boshqa mintaqalaridan kelgan, tayyorgarlikdan o‘tmagan harbiy xizmatchilar hisobiga kuchaytirayotgan ko‘rinadi. Rossiya Federatsiyasi, shuningdek, Leningrad harbiy okrugi va Kaliningrad harbiylarini mintaqaga yubordi, deya aniqlik kiritdi CNN.
 
Britaniyaning The Economist nashri o‘z manbalariga tayanib, 11 avgust kuni Rossiya qo‘shinlarini Xarkiv frontidan Kursk viloyatiga o‘tkazgani, biroq asosiy Donbass yo‘nalishidan u yerga Kiyev kutganidan ancha kam kuch yuborilgani haqida xabar berdi. 

Ukraina Kursk viloyatidagi yana bir ko‘prikni vayron qildi 

6 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatida keng ko‘lamli hujum operatsiyasini boshladi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin birinchi marta xorijiy qurolli kuchlar Rossiya Federatsiyasi hududining bir qismini egallab oldi. 9 avgust kuni Rossiya hukumati Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida «aksilterror operatsiyasi rejimi»ni joriy etdi. 

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondoni general-leytenant Nikolay Oleshchuk 18 avgust kuni Ukraina qo‘shinlari Kursk viloyatidagi hujum paytida Zvannoye qishlog‘idagi Seym daryosi ustidagi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘prikni vayron etganini ma’lum qildi. U Rossiya armiyasi uchun katta ahamiyatga ega edi.

Ko‘proq yangiliklar: