Gvatemalaning eng uzun daryosi Motagua orqali har yili okeanga 40 million funt (18 million kilogramm) chiqindi kelib tushadi, deb xabar beradi CNN.
Qayd etilishicha, bu Markaziy Amerikadagi eng iflos daryolardan biri bo‘lib, Gonduras ko‘rfaziga, oxir-oqibat esa Karib dengiziga quyilishidan oldin Gvatemala orqali 486 kilometrga cho‘zilgan. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, Motagua daryosi orqali oqim bo‘ylab pastga tashiladigan chiqindi dunyo okeanlariga har yili kelib tushadigan jami plastik chiqindilarning taxminan 2 foizini tashkil etadi.
«Har 60 soniyada okeanga (butun dunyoda) bir samosval plastik kelib tushadi», — deydi plastik chiqindilar orqali ifloslanishga chek qo‘yishga mo‘ljallangan Amerikaning 4ocean startapi bosh direktori Aleks Shuls.
Shuls 4ocean’ga 2017 yilda do‘sti Endryu Kuper bilan Bali, Indoneziyaga safarlaridan keyin asos solgan. O‘shanda ular okeanga kelib tushadigan plastik chiqindilar ko‘lamidan hayratga tushishgan. Kompaniya okeanlar, daryo va sohil bo‘ylaridagi chiqindilarni to‘plab, uni bilakuzuk, qurilish materiallari yoki yonilg‘i kabi mahsulotlarga aylantiradi va ularni sotadi. Kompaniya qayta ishlab bo‘lmaydigan mahsulotlarni chiqindi poligonlariga yuboradi. Bugungi kunda uning Gvatemalada, Florida va Indoneziyada jamoalari bor bo‘lib, 2017 yildan beri ular 37 million tonnadan ortiq chiqindi to‘plagan.
4ocean Gvatemaladagi mahalliy brigadalari tomonidan amalga oshiriladigan missiyasiga qo‘shimcha sifatida Motagua daryosi etagidan oqim bo‘yicha suzadigan 48 kilometrli to‘rlarni joylashtirgan. Mustahkam materialdan ishlangan to‘r chiqindilarni tutib qolib, yovvoyi hayvonlarga zarar yetkazmaydi.
«Motagua daryosi orqali oqadigan chiqindi va plastikning katta qismini yomg‘irlar mavsumidan oldin tutib qolish niyatidamiz», — deydi 4ocean’ning Gvatemaladagi menejeri Kevin Kuxlou.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yomg‘irlar mavsumi avvalida to‘rga shikast yetkazgan. O‘tgan yili kuchli shamol to‘rni mahkamlangan joyidan siljitib yuborgan va uning bir qismi oqim bo‘yicha oqib ketgan. Bu holat takrorlanmasligi uchun 4ocean daryo o‘zanida chuqurlar qazib, tizimni mustahkam qotirib chiqqan.
Kompaniya hisob-kitoblarida keltirilishicha, 2023 yilda to‘r o‘rnatilganidan beri 45 ming kilogramm chiqindi to‘plangan. Bu umumiy hajmdagi chiqindilarning kam qismini tashkil etsada, kompaniya bu orqali mahalliy hamjamiyatni plastikni daryoga tashlamaslik borasidagi ogohligini oshirish niyatida.
4ocean — Motagua daryosida plastik to‘plash bilan shug‘ullanuvchi yagona kompaniya emas. 2023 yilda The Ocean Cleanup notijoriy tashkiloti Motagua daryosiga kelib quyiladigan Las-Vakase irmog‘iga o‘z to‘siqlarini o‘rnatgan. Yaqinda u yana bir to‘rini o‘rnatish niyatini e’lon qildi.
Shulsning so‘zlariga ko‘ra, okeandan chiqindilarni yig‘ib olish muammoni hal etmaydi. Barchasi ta’limga, odamlar, korporatsiyalar va plastik ishlab chiqaruvchilar qarashlarini o‘zgartirishga bog‘liq.