Hamas harakati G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bilvosita muzokaralarning so‘nggi bosqichidagi takliflarni rad etdi. Bu haqda dpa agentligi tashkilotning 18 avgust, yakshanba kungi bayonotiga tayanib xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, harakat vakillari Isroil tomoni ilgari surgan yangi talablarni qabul qilishdan bosh tortgan. «Dohadagi muzokaralarning so‘nggi raundida nimalar muhokama qilinganini vositachilardan bilib, biz yana bir bor amin bo‘ldikki, (Isroil bosh vaziri) Netanyahu kelishuvga erishish yo‘liga to‘siqlar qo‘yishda davom etmoqda», — deya hamaschilar so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik. Ularning fikricha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «vositachilarning sa’y-harakatlarini yo‘qqa chiqarish va urushni uzaytirish uchun yangi shart va talablarni ilgari suradi».
Xabar qilinishicha, ayniqsa, Hamas Isroilning G‘azo sektorining bir qancha nuqtalarida, jumladan, Misr chegarasidan o‘tuvchi Filadelfiya koridorida harbiy mavjudligini saqlab qolish niyatidan qoniqmagan.
AQSh G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga intilmoqda
AQSh prezidenti Jo Bayden mahalliy vaqt bilan 18 avgust, yakshanba kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish hali ham mumkin, deb hisoblashini aytdi. «Biz taslim bo‘lmaymiz», dedi u jurnalistlarga urishayotgan tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro da’volar haqidagi mish-mishlar fonida.
O‘z navbatida, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 18 avgust, yakshanba kuni Isroil va Hamas o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyatga erishish uchun Tel-Avivga keldi. Xabar qilinishicha, Blinken safari davomida, jumladan, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashadi, so‘ngra Misrga boradi.
Netanyahu: Hamasga bosim o‘tkazish kerak
18 avgust kuni Netanyahu, uning fikricha, birinchi navbatda, Falastinning Hamas harakatiga bosim o‘tkazish kerakligini yana bir bor ta’kidladi.
«Hamas o‘z vakilini hatto Dohadagi muzokaralarga ham yubormadi, shuning uchun ham Isroil hukumatiga emas, balki Hamasga va (Yahyo) Sinvarga bosim o‘tkazish kerak», dedi Netanyahu vazirlar mahkamasi yig‘ilishida Hamasning yangi rahbariga ishora qilib.
G‘azo bo‘yicha taklif 7 oktyabr kuni o‘g‘irlab ketilgan barcha garovga olinganlarni Hamas qo‘yib yuboradigan uch bosqichli jarayonni talab qiladi. Buning evaziga Isroil o‘z kuchlarini G‘azo sektoridan olib chiqib ketadi va falastinlik mahbuslarni ozod etadi, deb eslatdi AP.
Britaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Devid Lemmi va Stefan Sejurne ham 16 avgust kuni Isroilga tashrif buyurib, G‘azo bo‘yicha kelishuv zudlik bilan amalga oshirilishi zarurligini ta’kidladi.
Qohirada bo‘lajak uchrashuv
Avvalroq, 16 avgust kuni Dohada AQSh, Isroil, Misr va Qatar rasmiylari ishtirokida Isroil va Hamas o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish maqsadida muzokaralarning ikkinchi kuni bo‘lib o‘tgan edi. Raund yakunida Qo‘shma Shtatlar, Misr va Qatar bayonotida tomonlarga «ko‘priklar qurish taklifi» taqdim qilingani qayd etildi. Hafta oxirigacha Qohirada uch hukumatning yuqori martabali vakillari uchrashishi kutilmoqda, deb yozadi The New York Times.
Yaqin Sharqdagi keskinlashuv
7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri deyarli 40 ming falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.