Xitoy va Filippin kemalari Janubiy Xitoy dengizida ikki davlat o‘rtasidagi bahsli hududlardagi qarama-qarshilik chog‘ida «to‘qnashib ketdi». Bu haqda 19 avgust, dushanba kuni Xitoy qirg‘oq qo‘riqlash xizmati ma’lum qildi.
Xitoy qirg‘oq qo‘riqlash xizmati vakili Geng Yuying so‘zlariga ko‘ra, Filippin kemasi «Filippin qirg‘oq qo‘riqlash xizmati kemalari Xitoy hukumatining ruxsatisiz Nansha orollaridagi Syanbin rifi yaqinidagi suvlarga noqonuniy ravishda kirib kelganidan» keyin Xitoy kemasi bilan «qasddan to‘qnashib ketgan». Bunga javoban, vakil so‘zlariga ko‘ra, «Xitoy qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Filippin kemalari bilan qonunga muvofiq ish olib borish uchun chora ko‘rdi». Geng, shuningdek, filippinliklarni «zudlik bilan qonunbuzarliklar va provokatsiyalarni to‘xtatishga» chaqirdi.
O‘z navbatida, Filippin tomoni Xitoy kemalari bilan to‘qnashuvi natijasida uning ikkita kemasi shikastlanganini ma’lum qildi. Mamlakat Xavfsizlik kengashi vakili Jonatan Malaya aytishicha, mamlakatining Janubiy Xitoy dengizidagi «o‘z huquqlarini himoya qilish» harakatlari provokatsiya emas.
Filippin va Xitoy o‘rtasidagi hududiy ziddiyat
Hodisa Janubiy Xitoy dengizida joylashgan Ikkinchi Tomas yo‘nalishi yaqinida yuz bergan. U Filippinning Palavan orolidan taxminan 200 kilometr va Xitoyning Xaynanidan 1000 kilometr uzoqlikda joylashgan hamda bahsli hudud hisoblanadi. Bu hudud orqali Xitoy va Hind okeani o‘rtasidagi muhim savdo yo‘llari o‘tadi, shuningdek, foydali qazilmalar konlari bor.
2024 yil bahorida AQShning Hind-Tinch okeani qo‘mondonligi rahbari admiral Jon Akilino Sidneyda so‘zlagan nutqida Vashington Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi harakatlaridan xavotirda ekanini aytdi. Akilino Pekinning hudud ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha bir tomonlama qadamlarini «xavfli, noqonuniy va mintaqani beqarorlashtiruvchi» deb atadi.
2024 yil avgust oyida Xitoy Xalq Respublikasi Milliy mudofaa vazirligi vakili Chjan Syaogang AQSh, Filippin, Avstraliya va Kanada tomonidan ushbu tumanda amalga oshirilgan qo‘shma patrullarni izohlar ekan, Filippin tomonini mintaqadan tashqaridagi davlatlar bilan til biriktirishda aybladi.