O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil Armiyasi G‘azoga hujum qilishda davom etmoqda. Sektorning markaziy qismidagi Dayr-ul-Balahdagi falastinliklar oilasining uyiga berilgan aviazarba natijasida ona va uning 6 farzandi – jami 7 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Ulardan tashqari halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor.
So‘nggi bir sutka ichida Isroil armiyasi G‘azoda 25 nafar falastinlikning hayotiga nuqta qo‘ygan. 72 kishi yaralangan.
Urushning 317-kuniga kelib G‘azoda halok bo‘lganlar soni 40 ming 99 kishiga yetgan. Yaradorlar soni 92 ming 609 nafarni tashkil etmoqda.
Isroil armiyasi Turkiyaning TRT-Arabi telekanali s’yomka guruhining avtomobilini ham o‘qqa tutgan. G‘azo sektori janubidagi, Isroil tomonidan avvalroq «xavfsiz» deb e’lon Xon Yunus shahrida ketib borayotgan jurnalistlar guruhi o‘q yomg‘irlari ostida qolgan.
TRT Arabiʼning G‘azodagi muxbiri Sami Berhumning xabar berishicha, mashinada pressa logotipi yopishtirilganiga qaramasdan, unga qarata o‘t ochilgan.
«Bizga to‘rtinchi marta hujum uyushtirilishi», degan muxbir.
Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz muxbirlarga uyushtirilgan hujumni qoralagan.
«Bu hujumlar jafokash Falastin xalqiga nisbatan sodir etilayotgan, insoniyatning kollektiv xotirasiga muhrlanayotgan harbiy va humanitar jinoyatlarni yashira olmaydi», — degan Yilmaz.
G‘azo bo‘yicha muzokaralar
HAMAS G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarning so‘nggi raundidagi takliflarni rad etdi va ularning muvaffaqiyatsizligida Isroilni aybladi, deb xabar bermoqda dpa agentligi.
Xabarga ko‘ra, harakat vakillari Isroil tomoni ilgari surgan yangi talablarni qabul qilishdan bosh tortgan. «Dohadagi muzokaralarning so‘nggi raundida nimalar muhokama qilinganini vositachilardan bilib, biz yana bir bor amin bo‘ldikki, (Isroil bosh vaziri) Netanyahu kelishuvga erishish yo‘liga to‘siqlar qo‘yishda davom etmoqda», — deya hamaschilar so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik.
HAMAS Isroilning G‘azo sektorining bir qancha nuqtalarida, jumladan, Misr chegarasidan o‘tuvchi Filadelfiya koridorida harbiy mavjudligini saqlab qolish niyatidan qoniqmagan.
AQSh prezidenti Jo Bayden G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish hali ham mumkin, deb hisoblashini aytdi. «Biz taslim bo‘lmaymiz», dedi u jurnalistlarga urishayotgan tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro da’volar haqidagi mish-mishlar fonida.
O‘z navbatida, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyatga erishish uchun Tel-Avivga keldi. Xabar qilinishicha, Blinken safari davomida, jumladan, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashadi, so‘ngra Misrga boradi.
Netanyahu, birinchi navbatda HAMASga bosim o‘tkazish kerakligini yana bir bor ta’kidlagan.
«HAMAS o‘z vakilini hatto Dohadagi muzokaralarga ham yubormadi, shuning uchun ham Isroil hukumatiga emas, balki HAMASga va Sinvarga bosim o‘tkazish kerak», degan Netanyahu.
Hafta oxirigacha Misr poytaxti Qohirada ham muzokaralar davom ettirilishi kutilmoqda.
Rossiya – Ukraina urushi
Kursk oblastini himoya qilish uchun Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi frontdan 5000 nafargacha harbiy xizmatchilarni ko‘chirib o‘tkazgan, biroq Donetsk oblastidan faqat bitta brigada olib chiqilgan, deb yozadi The Wall Street Journal.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya asosiy hujumkor kuchlari to‘plangan Donetsk oblastidan faqat bitta brigadani olib chiqqan, qolganlari frontning unchalik muhim bo‘lmagan hududlaridan to‘plangan.
Nashr suhbatdoshi Ukraina Qurolli kuchlarini Kursk oblastidan chiqarib yuborish uchun Rossiyaga 20 mingdan ortiq yaxshi tayyorlangan askar kerak bo‘lishi mumkin, degan fikrni ilgari surgan.
O‘z navbatida, Ukraina hujumni qo‘llab-quvvatlash uchun Kurskka 6 minggacha va Sumi oblastiga yana 4 minggacha askar yuborgan. WSJ manbasining aniqlik kiritishicha, front chizig‘ini zaiflashtirmaslik uchun qo‘shinlar muhim qismi zaxiradan chiqarilgan.
Bunday noodatiy joylashuv Ukraina hujumkor kuchlari atrofida «himoya pufagi» yaratdi. Hujumga Amerikaning Stryker zirhli jangovar mashinalari va Germaniyaning Marder piyoda jangovar mashinalari bilan jihozlangan, Ukrainaning eng kuchli bo‘linmalaridan biri bo‘lgan 80- va 82-desantchilar brigadalari boshchilik qildi.
Bu orada Ukraina qo‘shinlari Kursk oblastidagi hujum paytida Zvannoye qishlog‘idan o‘tgan Seym daryosi ustidagi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘prikni vayron qilgan. U Rossiya armiyasi ta’minoti uchun katta ahamiyatga ega edi.
Rossiya va migrantlar
Rossiya hududida migrantlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar soni shiddat bilan kamaymoqda. Bu haqdagi ma’lumotni Rossiya Ichki ishlar vazirligi e’lon qilgan.
«2024 yilning o‘tgan 7 oyi davomida jinoyatlar soni 5 foizga kamaygan. Qonunbuzarlik bilan shug‘ullangan migrantlar soni esa 3,1 foizga ozaygan. Migrantlar tomonidan sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar soni 9,2 foizga qisqargan», — degan IIV rasmiy vakili Irina Volk.
Rossiyada migratsion jinoyatchilik mavzusi «Krokus Siti Holl» savdo markazida sodir etilgan teraktlardan so‘ng dolzarblashdi va muhokama mavzusiga aylandi.
Keyinroq keng muhokama bo‘layotgan mavzuga RF Inson huquqlari kengashi vakili Valeriy Fadeyev va Kirill Kabanov, shuningdek, RF Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin qo‘shilgan.
Iyun oyida Kirill Kabanov «e’lon qilinmagan so‘rovnoma»ga ko‘ra xorijliklarni qo‘liga qurol olishga tayyorlikda aybladi. 2023 yilda u xorijliklarning 40 foizi jinoyatga moyil degan bo‘lsa, bu yil hartugul raqamlarni kamaytirdi – 26 foiz.
Migratsion jinoyatchilik o‘sib borayotganini Aleksandr Bastrikin ham dam-badam eslatib turadi. Iyul oyi o‘rtalarida Tergov qo‘mitasi raisi 2024 yilning birinchi yarmida migrantlar tomonidan sodir etilgan «ekstremistik jinoyatlar» soni 55 foizga o‘sganini ta’kidlagan edi.
Qayd qilish kerakki, Fadeyev, Kabanov va Bastrikin keltirayotgan raqamlar rasmiy ma’lumotlarga zid. Agar Bastrikin xorijliklarni noproporsional yuqori jinoyatchilikda ayblagan bo‘lsa, RF IIV ma’lumotlariga ko‘ra, migrantlar umumiy massadagi jinoyatlarning 4 foizini sodir etadi, bu esa ularning Rossiya aholisi sonidagi ulushiga mos.
Masalan, 2022 yilda Moskva shahrida migrantlar 7372 ta jinoyat sodir etgan va bu poytaxtdagi jinoyatlarning 5 foizini tashkil etadi. Holbuki, Moskvadagi migrantlar ulushi aholi sonining 12,7 foiziga teng.
Boz ustiga, migrantlar sodir etayotgan jinoyatlarning aksariyat qismi o‘zlari kabi migrantlarga qarshi qaratilgan. Ya’ni jinoyatlar migrantlar hamjamiyati chegarasidan chiqmaydi va ko‘pincha maishiy xarakterga ega.
Bu orada Moskvada Rossiya fuqaroligini qabul qilgan migrantlarga urushga chaqiruv qog‘ozi taqdim etish boshlangan. Harbiy surishtiruvchilar politsiya bilan birga reyd o‘tkazib, yaqinda Rossiya fuqaroligini qabul qilgan o‘nlab migrantlarga harbiy hisobda turish uchun chaqiruv qog‘ozi taqdim etgan.
Avvalroq Rossiya Davlat dumasi Rossiya fuqaroligini keyinchalik qo‘lga kiritgan xorijliklar uchun armiyada xizmat qilish muddatini ikki yilgacha uzaytirish va ular uchun chaqiruv yoshini 27 yoshdan oshirishni rejalashtirayotgani xabar qilingan edi.
Afrikadagi xavfli virus
Bir hafta ichida Afrika mamlakatlarida 1200 kishi mpox virusi bilan kasallangan. Yevropa Ittifoqida ham virus tarqalish xavfi darajasi oshdi.
Maymun suvchechagi deb ham ataladigan mpox virusi infeksiyasi Afrika mamlakatlarida tez tarqalmoqda. 17 avgust kuni e’lon qilingan Afrika Ittifoqi Sog‘liqni saqlash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina o‘tgan haftada 1200 yangi gumon qilingan yoki tasdiqlangan holatda uchta mpox kichik turi, shu jumladan xavfli Clade 1b varianti qayd etilgan.
Idoraning ta’kidlashicha, yil boshidan buyon Afrika Ittifoqining 13 davlatida jami 18 ming 737 ta infeksiya holati qayd etilgan va 541 kishi vafot etgan.
Kasalliklar oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha Yevropa markazi kasallanish holatlari «past»dan «o‘rtacha»gacha bo‘lgan hududlarda aholi va sayohatchilar uchun mpox virusi infeksiyasi (ilgari maymunchechak deb atalgan) xavfini oshirdi.
«Yevropa va Afrika o‘rtasidagi yaqin aloqalar tufayli biz virusning Clade 1 shtammi bilan infeksiyaning yangi import holatlariga tayyor bo‘lishimiz kerak», deya idora boshlig‘i Pamela Rendi Vagnerning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Reuters.