Xitoyda Oydan yuklarni uchirishga mo‘ljallangan magnit katapulta loyihasi ishlab chiqildi

Jahon 22:27 / 18.08.2024 3517

Xitoylik olimlar Oydan yuklarni uchirish uchun qiymati 18 milliard dollarlik magnit qurilma loyihasini ishlab chiqdi, deb xabar beradi South China Morning Post gazetasi.

Qurilma texnologiyasi magnit levitatsiyasiga asosolangan bo‘lib, uning ishlash prinsipi bolg‘a uloqtirish fizikasiga o‘xshash: richag yordamida u ichida yuk bor kapsulani aylantiradi va Yerga uchiradi.

Vakuum darajasi yuqori va gravitatsiya past bo‘lgan Oy yuzasi qurilmaga har kuni ikkita kapsulani uchirish imkonini beradi. Har bir uchirish xarajati hozirda mavjud yetkazish usullarining 10 foizini tashkil etadi.

Aerospace Shanghai ilmiy jurnalida chop etilgan maqolada qayd etilishicha, mazkur tizimda 50 metrli richag va yuqori haroratli supero‘tkazuvchi dvigateldan foydalainiladi. Richag 10 daqiqa aylanishi davomida Oy uchun 2,4 kilometr/soniyani tashkil etadigan ikkinchi kosmik tezlikka erishadi. Tizim quyosh va atom energiyasidan foydalanadi, bundan tashqari, energiya sarfining 70 foizi richag tormozlanishida hosil bo‘ladigan kinetik energiya hisobiga qoplanadi.

Bu kabi qurilmaning har biri 20 yilga yaqin xizmat qiladi, ammo og‘irligi 80 tonnali loyihani amalga oshirish va Oy yuzasiga o‘rnatish uchun Xitoy o‘ta og‘ir raketa tashuvchini yaratishi kerak.

Bunday qurilmani o‘rnatish xarajati 140 milliard yuanni (18,2 milliard dollar) tashkil etadi. Shu bilan birga, Oydan yiliga 3-5 tonna geliy-3 ni kapsulalarda Yerga yetkazish 100 milliard yuangacha foyda ko‘rish imkonini beradi. Mazkur izotop eng istiqbolli energiya manbalaridan biri hisoblanadi, ammo Yerda uning zaxirasi 0,5 tonnaga yaqin bo‘lsa, Oyda 1 million tonnani tashkil etadi. Shu bois 20 tonna ushbu yoqilg‘ining olib kelinishi, Xitoyning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplaydi.

Ko‘proq yangiliklar: