Tergovchilar korrupsiyada ayblanayotgan Rossiya mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari armiya generali Dmitriy Bulgakovning boshqa jinoyatlarga ham aloqadorligini tekshirishni boshladi. Bu haqda huquq-tartibot organlaridagi manbalariga tayanib, «TASS» xabar berdi.
«Huquqni muhofaza qilish organlari armiya generalining boshqa jinoyatlarga, jumladan, korrupsiya va o‘g‘irliklarga aloqadorligini tekshiradi», — deydi manba.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bulgakov ishiga aloqador barchaning ro‘yxatini tuzmoqda. General hibsga olinishidan oldin o‘ziga nisbatan o‘tkazilayotgan tergov haqida bilgan va Sankt-Peterburgda joylashgan S.M. Kirov nomidagi Harbiy tibbiyot akademiyasiga asbob-uskunalar yetkazib berish bilan bog‘liq firibgarlik ishi bo‘yicha guvoh sifatida ko‘rsatma bergan.
Bulgakov iyun oxirlarida hibsga olingan edi. U qo‘shinlarga qimmat narxda sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berib, 1,3 milliard rubl zarar yetkazganlikda ayblanmoqda. Ayni vaqtda u «Butirka» tergov izolyatorida saqlanyapti.
Avgust boshlarida Rossiya Mudofaa vazirligi Innovatsion rivojlanish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari general mayor Vladimir Shesterov korrupsiya ishi bo‘yicha qo‘lga olingan edi.
Undan oldin esa mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Timur Ivanov, Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Vadim Shamarin, 24 iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligining Harbiy qurilish kompaniyasi (VSK) bosh direktori Andrey Belkov, 1 avgust kuni esa Rossiyaning «Voyentorg» aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori Vladimir Pavlov Rossiya hibsga olingan edi.