Moskvada o‘tkazilgan reyddan keyin o‘nlab migrantlarga «voyenkomat»ga chaqiruv qog‘ozlari topshirildi

Jahon 23:27 / 18.08.2024 6120

Moskvada harbiy tergovchilar va Sharqiy ma’muriy okrug bo‘yicha IIB vakillari reyd o‘tkazib, Rossiya fuqaroligini olgan o‘nlab migrantlarga «voyenkomat»ga chaqiruv qog‘ozlarini topshirdi, deb xabar beradi «Kommersant».

Nashrning qayd etishicha, reyd «Shyolkovskaya» metrosi yaqinidagi avtovokzalda, sabzavot bazasi va Sharqiy ma’muriy okrugda joylashgan xostellarda o‘tkazilgan.

Rossiya IIB xodimlari boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda muntazam ravishda migrantlar ishlashi yoki yashashi mumkin bo‘lgan hududlarda reyd o‘tkazib kelmoqda. Xususan, bu kabi reydlar Moskva viloyatidagi Wildberries omborlarida, masjid va restoranlarda ham o‘tkazilgan. Chaqiruv qog‘ozi bilan «voyenkomat»ga kelgan fuqarolar harbiy xizmatga yuborilib, ular shartnoma tuzishga majburlanmoqda.

2024 yilning iyun oyida RF Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin yaqinda Rossiya fuqaroligini olgan, biroq harbiy hisobga turmagan 30 mingdan ortiq xorij fuqarolari borligini ma’lum qilgandi. Bastrikinning so‘zlariga ko‘ra, ularning 10 mingga yaqini «handaq qazish uchun» urushga yuborilgan.

Iyul oxirlarida Rossiya Davlat dumasi Rossiya pasportini olgan xorijliklarga bir vaqtning o‘zida harbiy hisobga turish majburiyatini yuklaydigan qonunni qabul qilgan edi.

Avgust boshlarida esa Rossiya Federatsiya Kengashi ish beruvchilarning harbiy xizmatga chaqiriluvchilar elektron reyestri orqali ma’lumot almashinuviga oid qonunni ma’qullagan. Chaqiruv qog‘ozi yuborilishi bilan harbiy xizmatga majbur fuqaroning mamlakatdan chiqishiga avtomatik ravishda taqiq qo‘yiladi. Chaqiriluvchi 20 kun ichida «voyenkomat»ga kelmasa, unga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni tuzish va o‘zini o‘zi band qilish taqiqlanadi.

 

Ko‘proq yangiliklar: