Kursk oblastidan qaytgan ukrainlar va Sudjadan ilk kadrlar. Urush suratlari

Jahon 14:11 / 18.08.2024 31845

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishi ikkinchi hafta oxiriga kelib sekinlashib qoldi. Rossiya qo‘mondonligi chegara yorib o‘tilgan yo‘nalishga zaxira kuchlarni olib kelgan, bu kuchlar ukrainlarning asosiy yo‘llar bo‘ylab harakatlarini to‘xtata olgan. Bunga javoban ukrain qo‘shinlari ularga qanotlardan hujum qilishga urinmoqda, Ukraina qo‘mondonligi ham chegara orqali zaxira kuchlarni olib o‘tmoqda. Kursk frontiga hatto hozirga qadar frontortida dam olib, yurishga tayyorgarlik ko‘rmagan, balki frontda jang qilib turgan ikki brigadadan ham bo‘linmalar yuborilgan. Ukrainalik fotograflar chegara hududda, Kursk oblastidagi jangovar topshiriqlarni bajarib qaytib kelgan ukrain harbiylarini suratga oldi.

Ukraina hududiga qaytgan harbiylar Kursk oblastidagi Lyubimovka qishlog‘ida qo‘lga kiritilgan yo‘l belgisi bilan. Sumi oblasti, chegara hududi
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Kursk oblastidan qaytib kelgan ukrainalik harbiy quroldoshining yelkasiga bosh qo‘yib yig‘lamoqda
Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images
Kursk oblastida jangovar topshiriqni bajarib qaytgandan keyin «Strayker» zirhli avtomobilni ko‘zdan kechirayotgan ekipaj
Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images
Halok bo‘lgan ukrain harbiysining otasi va qizi Sumi oblastida, chegara yaqinida ukrain harbiylariga tarvuz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari olib chiqmoqda
George Ivanchenko / EPA / Scanpix / LETA
Ukrainlarning harbiy tibbiyot avtomobili Sumi oblasti hududida, Rossiya bilan chegara yaqinida harakatlanmoqda
George Ivanchenko / EPA / Scanpix / LETA
Rossiyadan qaytgan zirhli transportyor (BTR) ekipaji Sumi oblasti hududida
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA

Ukraina qurolli kuchlari egallab olgan Sudja bugun qanday ko‘rinishda? Ukrain armiyasi nazoratiga o‘tganidan keyin shaharda olingan ilk fotosuratlar

Sudja — Kursk oblastida Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostiga o‘tgan eng yirik aholi yashash manzili. Harbiy harakatlar boshlanguniga qadar chegara yaqinidagi ushbu shaharchada besh ming kishi istiqomat qilgan. Ulardan ko‘pchiligi ukrain qo‘shini shaharga kirishidan oldinroq Kursk shahriga va boshqa joylarga evakuatsiya qilishga ulgurgan. Ammo aholining kattagina qismi dushman qo‘liga o‘tgan shaharchada qolmoqda. Bugungi kunda Sudjada nimalar bo‘layotgani haqida tashqaridagi kuzatuvchilarda ma’lumot juda kam. 16 avgust kuni Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi shaharga ilk bor jurnalistlarni o‘tkazdi. «Meduza» xorijlik fotomuxbirlar tomonidan e’lon qilingan eng muhim kadrlarni keltirdi. 

Rossiya-Ukraina chegarasidagi «Sudja» ko‘ptomonlama avtomobil o‘tkazish punktining (MAPP) yarim vayrona holdagi binosi. Ushbu punkt Ukraina yurishidagi birinchi nishonlardan biri bo‘lgan va amaliyotning ilk kunidayoq Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga o‘tgan. The New York Times jurnalistlari «Sudja»dagi janglarni quyidagicha tasvirlaydi: «Chegaraning bu uchastkasida rossiyalik chegarachilar va muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar g‘aflatda qolgani belgilari bor — oyoqlar ostida gilzalar, asfaltda tashlab yuborilgan zirhli nimchalar, binolar polida qon dog‘lari va sochilib yotgan bintlarni ko‘rish mumkin. Jurnalistlar chegaradagi o‘tkazish punktiga yetib kelganida ukrain harbiylari xarobalar ostidan chiqarilgan rossiyalik askarlarning jasadlarini qoplarga solib qo‘ygandi»
Yan Dobronosov / AFP / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiy Sudjadagi «Pyaterochka» do‘koni oldida selfi olmoqda. Bu ukrainalik harbiylar shahardagi mazkur savdo tarmog‘i nuqtalaridan biri oldida tushgan navbatdagi kadr. Kursk oblastidagi janglarning ilk kunidayoq «Pyaterochka» oldidagi fotosurat Ukraina qurolli kuchlari mazkur shaharga kirganining ilk dalillaridan biriga aylangandi. O‘shanda tasvir shahar chekkasidagi Butenko ko‘chasida joylashgan do‘kon oldida olingani taxmin qilingan.
Libkos / Instagram
Sudja va uning atrofidagi hududlarda Ukraina qurolli kuchlari RF qurolli kuchlarining ko‘plab harbiy xizmatchilarini asir olgan. Ukraina qo‘mondonligiga ko‘ra, 14 avgust kunining o‘zida Kiyev almashuv fondini 102 nafar rossiyalik harbiy bilan to‘ldirgan, ulardan bir qismi muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yosh askarlardir. Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, almashuv bo‘yicha muzokaralar allaqachon boshlangan
Libkos / Instagram
«Sudja» chegara nazorat-o‘tkazish punkti yonida shu nomdagi gaz o‘lchash stansiyasi (GIS) — Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida egallab olgan muhim infratuzilma obektlaridan biri. Quvurning Sudja orqali o‘tuvchi qismi hozirgacha Rossiya gazini Ukraina orqali yevropalik mijozlarga yetkazib beradi. Lekin eksport to‘xtovsiz davom etishiga Kursk oblastidagi harbiy harakatlar ham ta’sir ko‘rsatmadi. 16 avgust kuni olingan fotoda stansiya jiddiy shikastlanganini ham ko‘rish mumkin.
AP / Scanpix / LETA
Besh ming kishilik shaharcha aholisining katta qismi evakuatsiya qilingan, ammo Sudjada baribir yuzga yaqin odamlar qolmoqda. 16 avgustda olingan mazkur kadrda — boshpanaga aylantirilgan yerto‘laga kirish qismida o‘tirgan mahalliy aholi vakillari aks etgan
AP / Scanpix / LETA
Yerto‘ladagi boshpana shunday ko‘rinishda
AP / Scanpix / LETA
O‘z uylarida qolishni afzal ko‘rgan sudjaliklar devorlarga yirik harflar bilan quyidagicha yozuvlarni yozib qo‘ygan: «Bu yerda tirik odamlar bor». Ushbu surat muallifiga ko‘ra, bu uyda bir yoshli chaqalog‘i bor oila yashaydi
Yan Dobronosov / AFP / Scanpix / LETA
Vladimir Leninning shikastlangan haykali. Fotosuratda ko‘rish mumkinki, monument va uning ortidagi bino artilleriya zarbalaridan jiddiy shikastlangan. Bu yodgorlik shaharning qoq markazida, mahalliy ma’muriyat binosi yonida, Ikkinchi jahon urushiga oid yodgorliklar va boshqa obektlar qatorida turgan
Yan Dobronosov / AFP / Scanpix / LETA
RF qurolli kuchlarining Sudja atrofida yonib ketgan zirhli texnikalari. Ukraina yurishining ilk kunlarida Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlari zarbalari oqibatida ko‘plab texnikalaridan ayrilgan
Yan Dobronosov / AFP / Scanpix / LETA
Ko‘proq yangiliklar: