Yevropa Ittifoqi chegaralarini noqonuniy kesib o‘tish holatlari kamaydi

Jahon 19:59 / 17.08.2024 2013

Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil boshidan 12 avgustga qadar Yevropa Ittifoqi hududiga noqonuniy kirish bilan bog‘liq 91 ming 974 ta holat qayd etilgan — bu bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 30,6 foizga kam.

O‘z navbatida YeI tashqi chegaralarini qo‘riqlash bo‘yicha agentlikning ma’lum qilishicha, 2024 yilning yetti oyida Yevropa Ittifoqi chegaralarini noqonuniy kesib o‘tish 36 foizga — 113,4 mingtagacha kamaygan. Bu boradagi ko‘rsatkichlar eng ko‘p G‘arbiy Bolqon va Markaziy O‘rta yer dengizi yo‘nalishida qayd etilgan — mos ravishda 75 foiz va 64 foiz.

Welt am Sonntag gazetasining aniqlik kiritishicha, yuqoridagi ko‘rsatkichlarning kamayishi Italiyaga dengiz orqali migratsiya kamaygani bilan bog‘liq. Yevrokomissiya esa buni nazorat organlari faoliyati bilan izohladi: «Aftidan, bu Liviya va Tunis hukumatlari tomonidan migratsiyani tartibga solish hamda kontrabandaga qarshi kurashish operatsiyalari o‘tkazilayotgani bilan bog‘liq».

Italiya yaqinda Shimoliy Afrikaning ushbu ikki davlati bilan diplomatik aloqalar va iqtisodiy hamkorlikni faollashtirgan.

Taqiqlarni aylanib o‘tishning yangi yo‘llari paydo bo‘ldi

Shu bilan birga, Italiya yo‘nalishidagi ko‘rsatkichlar kamayishi fonida, bu yil Shimoliy Afrikadan Atlantika okeani bo‘ylab Kanar orollari orqali xavfli marshrut bilan kirib kelish holatlari keskin oshdi (+148 foiz). Bundan tashqari, sharqiy yo‘nalishdagi — Gretsiya orollari orqali o‘tishlar ham ko‘paygan (+57 foiz).

Huquq-tartibot organlarning sa’y-harakatlari fonida taqiqlarni aylanib o‘tishning yangi mexanizmlari paydo bo‘lmoqda. Ulardan biri YeIga a’zo davlatlar xavfsizlik organlariga tayyorlangan maxfiy hisobotda keltirilgan. «Iyun oyidan beri Madrid—Baraxas aeroportida yosh mavritaniyaliklarning boshpana so‘rab qilgan murojaatlari soni keskin oshgan», — deyiladi hujjatda.

Ta’kidlanishicha, mavritaniyalik migrantlar Kasablankadan (Marokash) Janubiy Amerikaga uchadigan reyslarga chiptalarni bron qilmoqda. Madridda boshqa samolyotga minish kerak bo‘lganida ular pasportlarini yo‘q qilib, boshpana so‘ramoqda. 2023 yilda Ispaniyadan boshpana so‘ragan mavritaniyaliklar soni 60 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning iyunida bu kabi 260 ta holat qayd etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: