Toshkentda O‘zbekiston-Misr siyosiy maslahatlashuvlari o‘tkaziladi

O‘zbekiston 09:07 / 17.08.2024 880

O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev Misr tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ahmad Shahin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston-Misr aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, turli darajalardagi tashriflar va tadbirlarni birgalikda uyushtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor katta salohiyat mavjud sohalar, xususan, hududlararo hamkorlik va savdo-investitsiyaviy imkoniyatlarga qaratildi. Misr erkin iqtisodiy zonalarida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, tekstil, maishiy texnika, qishloq xo‘jaligi uskunalari, mineral o‘g‘itlarni birgalikda ishlab chiqarish va ularni Afrika hamda Yevropa bozorlariga eksportini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.

Bundan tashqari, tomonlar qishloq xo‘jaligi, paxtachilik va chorvachilik sohalarida hamkorlikni kengaytirish, birgalikda yangi urug‘chilik navlarini yaratish, ikki davlat iqlimiga mos keluvchi o‘simliklarni ayriboshlash va parvarishlash, sinov ishlarini olib borish va boshqa yo‘nalishlarda aloqalarni mustahkamlashga e’tibor qaratdilar.

Madaniy-gumanitar soha ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, adabiy hamkorlik, asarlar tarjimasi, buyuk ajdodlar merosini birgalikda tatbiq qilish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Mazkur masalalarni batafsil muhokama qilish maqsadida joriy yil sentabr oyida Toshkent shahrida siyosiy maslahatlashuvlarning 11-davrasini va O‘zbekiston-Misr biznes-forumini o‘tkazish to‘g‘risida ahdlashib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: