Polsha hukumati 2022 yil sentabrida Boltiq dengizi tubida «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlari portlashiga aloqadorligini rad etdi. «Polshaning hech narsaga aloqasi yo‘q, bu yolg‘ondir», dedi Polsha bosh vaziri o‘rinbosari va raqamli texnologiyalar vaziri Kshishtof Gavkovskiy 16 avgust, juma kuni Polsat News nashriga bergan intervyusida. Avvalroq Germaniya Federal razvedka xizmati (BND) sobiq rahbari August Xanning Ukraina-Polsha o‘zaro til biriktirgani haqida bayonot bergandi.
15 avgust kuni Germaniyaning Welt TV telekanaliga bergan intervyusida Xanning «Polsha idoralari» hamda Ukraina va Polsha hukumatlarini gaz quvurini buzish operatsiyasida bevosita ishtirok etishda aybladi. «Bu yerda Polsha idoralari ishtirok etgani aniq - va menimcha, bu shunchaki bo‘limlar emas, bu Ukraina va Polshadagi hokimiyatning eng yuqori bo‘g‘ini o‘rtasidagi kelishuv edi», dedi BND sobiq rahbari. Uning fikricha, Germaniya hukumati Kiyev va Varshavadan «davlat terrorizmi» ishi uchun tovon talab qilishi kerak.
Xanningning so‘zlariga ko‘ra, hujumni «Ukraina jamoasi» amalga oshirgan, ammo bu faqat «Polshaning kuchli logistik yordami bilan» mumkin bo‘lgan. Germaniya razvedkasi sobiq rahbari «bu eng yuqori siyosiy darajada qabul qilingan qarorlar», deb hisoblaydi. «Prezident Zelenskiy va prezident Duda o‘rtasida ushbu hujumni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar bo‘lganiga ishonaman», dedi Xanning va Varshava hukumatini «tergov muvaffaqiyatidan aniq manfaatdor emaslikda» aybladi.
Gavkovskiy: «Bu Rossiyaning dezinformatsiyasi»
Kshishtof Gavkovskiy bu ayblovlarni qat’iyan rad etdi. «Menimcha, bu nemis siyosatchilari yoki Germaniyadagi davlat boshqaruvi a’zolarining so‘zlari orqali yetkazilgan Rossiya dezinformatsiyasining aks-sadosi», - dedi u. Gavkovskiy so‘zlariga ko‘ra, u «Polshaning «Shimoliy oqim»dagi diversiyalarga aloqadorligi haqida hech qanday dalil yo‘qligiga ishonchi komil».
Polsha bosh vaziri o‘rinbosari qo‘shimcha qilishicha, so‘zlari taxmin emas, balki haqiqat va Polsha diversiyalarda ishtirok etganlik ayblovlarini qabul qilmaydi.
WSJ Zalujniyning portlashlarga aloqadorligi haqida xabar berdi
WSJ manbalariga ko‘ra, «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» gaz quvurlarini portlatish operatsiyasida hal qiluvchi rolni Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy o‘ynagan.
Nashrning 14 avgustdagi materialida aytilishicha, operatsiya g‘oyasi 2022 yil may oyida uni moliyalashtirgan Ukraina yuqori martabali harbiy ofitserlari va biznesmenlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tug‘ilgan. Uni bevosita Zalujniyga bo‘ysungan ismi oshkor etilmagan general boshqargan va portlashni oddiy ijaraga olingan yaxtada olti nafar harbiy va fuqarolik g‘avvoslaridan iborat guruh amalga oshirgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy operatsiya rejasini og‘zaki ma’qullagan, biroq AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi bundan xabar topgach va Kiyevni operatsiyani bekor qilishga chaqirgach, u fikridan qaytgan va bu haqda Zalujniyga aytgan, biroq u quloq solmagan. Keyinroq u Zelenskiyga qo‘poruvchilik guruhining allaqachon tashqi dunyo bilan aloqasi uzilganini va uni ortga chaqirib bo‘lmasligini aytgan, deb yozadi nashr.
Zalujniy va Podolyak «Shimoliy oqim»dagi portlashga aloqadorligini rad etdi
WSJ nashriga bergan izohida hozirda Ukrainaning Britaniyadagi elchisi bo‘lgan Zalujniy operatsiya haqida hech narsa bilmasligini ta’kidladi. O‘z navbatida, operatsiyada qatnashgan yoki bu haqda bilgan to‘rt nafar yuqori martabali ukrainalik harbiy amaldorlar gazetaga quvurlarni Ukrainaning Rossiya Federatsiyasiga qarshi mudofaa urushidagi qonuniy nishon deb bilishlarini aytishdi.
Avvalroq Reuters agentligi bilan suhbatda Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ham Kiyevning gaz quvurlarini buzishga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni rad etgan edi. «Bunday hujumni faqat katta texnik va moliyaviy resurslar mavjud bo‘lganda amalga oshirish mumkin», - dedi u.
Nemis politsiyasi «Ukraina izi»ni topdi
Butun operatsiya taxminan 300 ming dollarga tushdi, deb yozadi WSJ. Portlashdan taxminan uch hafta oldin, bir guruh diversantlar Germaniyaning Rostok portidan «Andromeda» yaxtasini ijaraga olishdi. G‘avvoslar juft bo‘lib ishlagan, ular chuqurlikda taymer bilan portlovchi qurilmani o‘rnatgan. Keyinroq nemis politsiyasi yaxtada portlovchi moddalar, barmoq izlari va DNK namunalarini topdi.
Germaniya Federal prokuraturasi Ukraina fuqarosi, dayving bo‘yicha instruktor Vladimir J.ni hibsga olishga order berdi. U «Shimoliy oqimlar» portlatilishiga aloqador, deydi ARD, Süddeutsche Zeitung va Die Zeit tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv mualliflari. Vladimir J. go‘yoki Polshada yashagan va Ukrainaga chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan.