Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan joylarda firibgarlik bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
DXX xabariga ko‘ra, Toshkent shahrida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zini go‘yoki «O‘zbekfilm» davlat unitar korxonasida mas’ul lavozimda ishlovchi shaxs sifatida tanishtirib, Toshkent viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan mahkuma ayol hayotiga bag‘ishlangan ko‘p qismli serialni suratga olish uchun Kinematografiya agentligi huzuridagi Badiiy kengashda ishlovchi tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Janubiy kon boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Qo‘shrabot tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroni ushbu kon boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, mazkur shaxs 2023 yilning sentabr oyida “Zarmitan” koniga ishga joylashtirib qo‘yishini aytib, Qo‘shrabot tumanida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqarodan jami 9 ming AQSh dollari olgan va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda konsalting firma rahbari o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali, poytaxtlik fuqaroga chet tilini bilish bo‘yicha milliy sertifikat olib berib, uni Toshkent davlat yuridik universitetining magistratura bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 3500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda uchala shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.