Rossiyada YouTube ishi sekinlashishiga nima sabab ekani taxmin qilindi

Jahon 08:55 / 17.08.2024 3028

Rossiyada YouTube sekinlashishi rus propagandasini tarqatuvchi rekord miqdordagi akkauntlar videoxosting saytidan olib tashlanganidan keyin deyarli darhol sodir bo‘ldi. Bu haqda 16 avgust, juma kuni Google hakerlik va axborot hujumlariga qarshi kurashuvchi Threat Analysis Group (TAG) bo‘linmasi chorak hisobotlari ma’lumotlariga asoslanib, «Novaya gazeta Yevropa» yozdi. 

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yildan beri TAG Rossiya propagandasini tarqatuvchi 9400 ga yaqin YouTube-kanallarini bloklagan. Ularning katta qismi (8800 ta) Ukrainada to‘liq miqyosli urush boshlanganidan keyin o‘chirib tashlangan va bloklashning eng yuqori cho‘qqisi 2024 yilning may-iyun oylariga to‘g‘ri kelgan: shu davrda o‘chirilgan kanallar umumiy sonning 38 foiziga (ya’ni, deyarli 3600 ta) teng bo‘ldi.

Bloklangan YouTube-kanallari ro‘yxati taqdim etilmagan 

Hisobotlarda yopilgan kanallar ro‘yxati e’lon qilinmagan va bloklash sabablarining batafsil mezonlari oshkor etilmagan. Biroq, TAG ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p bloklangan kanallar Rossiya hukumatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan kampaniyalar (8858), shuningdek, G‘arb (8192) va Ukrainani (7648) tanqid qilganlar bo‘lgan. Kamdan-kam hollarda o‘chirilgan akkauntlar esa rus armiyasining harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan (912) yoki rus muxolifatini tanqid qilgan (280). Ushbu kanallarning ba’zilari chet tillarida, asosan ingliz, fransuz, arab va ukrain tillarida efirga uzatilgan. 

Maqola e’lon qilingan paytda kamida uchta aloqa operatori («Dom.ru», ONS-24 va «Telekom-Servis») YouTube bilan bog‘liq muammolar «Roskomnadzor reglamenti» tufayli yuzaga kelganini tan oldi. YouTube’ga egalik qiluvchi Google, shuningdek, Rossiyada YouTube ishidagi nosozliklarga texnik ishlar sabab emasligini ta’kidlagan. 

«Shunday qilib, Roskomnadzor platforma ma’muriyati tomonidan Rossiya tashviqoti kontentini bloklash keskin kuchayishi munosabati bilan YouTube ishini sekinlashtirishga qaror qilgan bo‘lishi mumkin», deya taxmin qiladi «Novaya gazeta Yevropa». 

Ko‘proq yangiliklar: