Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Rai1 Italiya davlat teleradiokompaniyasining suratga olish guruhi tomonidan Rossiya Federatsiyasi hududiga noqonuniy kirilishi munosabati bilan Italiyaning Rossiyadagi elchisi Chechiliya Pichchoniga «qattiq norozilik» bildirdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining 16 avgust, juma kuni idora saytida chop etilgan press-relizida aytiladi.
Rossiya vazirligi noroziligiga Rai1’ning Kursk viloyati Sudja shahridan reportaji sabab bo‘ldi, u avvalroq Ukraina harbiy rahbariyati bayonotiga ko‘ra, butunlay Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) nazorati ostida. «Italiya fuqarolari tomonidan sodir etilgan harakatlar Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining doirasiga kiradi», deb yozadi Rossiya TIV.
Bir kun avval Italiya telekanalining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Sujadan olingan kadrlar e’lon qilingan edi. Videoda Rai1 muxbiri Stefaniya Battistini ukrainalik harbiylar bilan birga avtomobilda Ukraina hududidan Rossiya chegarasini kesib o‘tib, vayron qilingan rus istehkomlari yonidan yurgan. «Belgorod chapda. Keyingi safar biz sizni u yerga olib boramiz», dedi Ukraina Qurolli kuchlari jangchisi. Bundan tashqari, Battistini Sudjada qolgan mahalliy aholiga murojaat qilgan, ular ruslar ularni tashlab ketishgani, Ukraina harbiylari esa ularga yaxshi munosabatda bo‘lishayotganini aytgan.
CNN: «Rossiya chegarasi himoyasiz bo‘lib ko‘rinyapti»
16 avgust kuni Amerikaning CNN telekanali ham Sudjada qo‘lga olingan chegara punkti haqida xabar tarqatdi, biroq uning muxbiri Nik Uolsh Rossiya hududiga kirmadi. U vayron bo‘lgan chegara punktini, shuningdek, u orqali erkin o‘tayotgan transport vositalari va harbiy texnikani ko‘rsatdi. «Rossiya chegarasi butunlay himoyasiz ko‘rinyapti», dedi Uolsh va bir necha ukrainalik harbiylar bilan suhbatlashdi. Kursk viloyatidagi janglarning yakuniy natijasi hech kimga ma’lum emas, dedi u.
Ukrainaning Kursk viloyatidagi hujumi
Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgustdan buyon Kursk viloyatida keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazmoqda. Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi 2022 yil fevralida boshlanganidan beri bunday turdagi birinchi hujumdir.
Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning kecha oliy bosh qo‘mondonlik qarorgohida e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, 15 avgust holatiga Ukraina harbiylari 1150 kvadrat kilometr hududdagi 82 ta aholi punktini nazoratga olgan. Rossiya hududiga 35 km chuqurlikda kirib borilgan. Sirskiy, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlari harbiylari hujum operatsiyalarini davom ettirayotgani haqida xabar berdi.