AQSh Mudofaa vazirligi (Pentagon) Yaqin Sharqdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib boryapti hamda mintaqadagi keskinlikni pasaytirishga ustuvor ahamiyat berishda davom etmoqda. Bu haqda AQSh mudofaa idorasi matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx jurnalistlarga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi harbiy ishtirokini kuchaytirgan va vaziyat keskinlashgan taqdirda Isroil va Amerika kuchlarini himoya qilishga tayyor.
«Mintaqaviy taranglikning kuchayishi munosabati bilan biz Isroilni tiyib turish va himoya qilish pozitsiyasini egallab, mintaqadagi keskinlikni kamaytirishga e’tibor qaratishda davom etamiz», dedi Singx.
Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda va Isroilga hujum qilingan taqdirda «uni himoya qilish uchun albatta yetib keladi».
Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, AQSh mintaqadagi harbiy ishtirokini oshirishdan maqsad «mintaqaviy taranglik oldini olish va bu borada signal berish». Qo‘shma Shtatlar G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettiradi, deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin F-35C qiruvchi samolyotlari bilan jihozlangan Abraham Lincoln aviatashuvchisiga ega zarba berish guruhiga Yaqin Sharqdagi «mas’uliyat hududiga o‘tishni tezlashtirish»ni buyurgan edi.