KXShT: Kursk oblastidagi vaziyat yuzasidan Rossiyadan hech qanday murojaat kelib tushmadi

Jahon 11:34 / 17.08.2024 10343

Shu kungacha Rossiyadan Kursk viloyatidagi vaziyat yuzasidan hech qanday so‘rov kelib tushmadi. Bu haqda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ning rasmiy saytida chop etilgan xabarda aytiladi.

«Harbiy mojaroning KXShT mas’uliyat hududiga o‘tishi keskinlashuv yangi bosqichidir. Bizning tahliliy xizmatimiz kecha-yu kunduz ishlaydi. Vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatib boramiz va tashkilot nizomi asosida ish olib boramiz. Kotibiyat va Rossiya Federatsiyasining tegishli davlat organlari muntazam ravishda ma’lumot almashadilar. Zarur bo‘lganda, KXShT kotibiyati bu holatda ko‘zda tutilgan barcha tartiblarni belgilangan muddatda amalga oshiradi», — deyiladi KXShT matbuot xizmati xabarida. 

Tashkilot harbiy yordam ko‘rsatish masalasi faqat a’zo davlatning rasmiy so‘rovi bo‘lgan taqdirdagina kun tartibiga chiqishi mumkinligini eslatdi. Biroq shu kungacha Rossiyadan Kursk viloyatidagi vaziyat bilan bog‘liq bunday murojaat bo‘lmagan.

Kursk viloyatidagi vaziyat

Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyati chegara hududlarida vaziyat keskinlashuvi 6 avgust kuni ertalab, Ukraina armiyasi mintaqada operatsiya o‘tkaza boshlaganidan so‘ng boshlandi. Chegara hududlarida Rossiya va Ukraina qo‘shinlari o‘rtasida shiddatli janglar davom etmoqda, aholi punktlarida uchuvchisiz uchoqlarning keng ko‘lamli hujumlari qayd etilmoqda, vaqti-vaqti bilan raketa haqida ogohlantirish signallari eshitilmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatiga bostirib kirganidan so‘ng janglar asosan viloyatning Korenev va Sudja, qisman Belovskiy va Lgov tumanlarida davom etgan.

Rossiya tomonining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlarining mintaqadagi hujumlari natijasida 12 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, 120 dan ortiq kishi jarohatlangan. Mintaqadagi vaziyat federal favqulodda holat sifatida tan olingan.

Bundan tashqari, Rossiyaning uchta viloyati - Belgorod, Kursk va Bryanskda vaziyat keskinlashuvi fonida aksilterror operatsiyasi (ATO) rejimi joriy etildi.

Ayni paytda, bir qator hududlarda tinch aholini evakuatsiya qilish davom etmoqda. 12 avgust kuni Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov Vladimir Putinga evakuatsiya qilinishi kerak bo‘lgan 180 ming kishidan 121 ming kishi allaqachon hududni tark etgani haqida xabar berdi. 

Shu bilan birga, Ukraina tomoni Kursk viloyatida 1150 kvadrat kilometr hudud va 82 aholi punkti nazoratga olinganini da’vo qilmoqda.

Bir kun avval Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Sudja shahri Ukraina armiyasi nazoratiga o‘tganini aytgan edi. «Sudja» gaz o‘lchash stansiyasi Rossiya-Ukraina chegarasi yaqinida joylashgan bo‘lib, bugungi kunda Rossiya gazini Ukraina orqali Yevropaga tranzit qilishning yagona yo‘li bo‘lib qolmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: