Jahon brendlari bilan hamkorlik qilgan ishlab chiqaruvchilar 1 million dollar miqdorida grant oladi

O‘zbekiston 07:48 / 17.08.2024 2589

Prezident “Sanoat sohasida nufuzli xalqaro brendlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

2025 yildan boshlab har yili 1 aprelgacha Savdo-sanoat palatasi quyidagilarni shakllantiradi va e’lon qiladi:

● xalqaro miqyosda tan olingan tashkilotlar reytingida birinchi 500 ta o‘rinni egallagan mashhur xalqaro brendlar ro‘yxati;
● milliy brendlar ro‘yxati ikki bosqichda:
I - Adliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 12 ta sanoat yo‘nalishi bo‘yicha yuqori va o‘rta barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar belgilari ro‘yxatini shakllantiradi;
II - milliy konsalting kompaniyalarining ro‘yxatga kiritilgan tovar belgilari bo‘yicha tadqiqotlari, ushbu tovar belgilarining ommaviy axborot vositalarida, internet va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishi holati, ular haqidagi so‘rovlar soni, aholi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar tahlili natijalari asosida milliy brendlar ro‘yxatini shakllantiradi va e’lon qiladi.

2024 yil uchun reyting 1 sentabrgacha e’lon qilinadi. 2024 yil 1 sentabrdan boshlab quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi:

● mashhur xalqaro brendlar ro‘yxatiga kiritilgan brend egalari bilan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzgan yuqori va o‘rta barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlik sub’yektlari uchun:
● xalqaro standartlarni joriy etish, ekologik sertifikatlash va muvofiqlik bo‘yicha sertifikatlash, shuningdek, brend egalari korxonalarida, xususan, ularning ishlab chiqarish maydonchalarida ro‘yxat bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha xarajatlarni qoplash;
● mashhur xalqaro brendlar ostida kamida 1 million AQSh dollari miqdorida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilganda grantlar ajratish;
● milliy brendlar ro‘yxatiga kiritilgan brend egalari uchun quyidagi xarajatlarning 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplash:
● xalqaro standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimlarini joriy etish, shuningdek, milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) xorijiy vakolatli organlarda ro‘yxatdan o‘tkazish;
● xalqaro savdo maydonchalariga (marketpleyslarga) chiqish, xorijiy davlatlarda Made in Uzbekistan ko‘rgazma zallarida mahsulotlarni joylashtirish, xorijiy savdo uylarini tashkil etishda xonalarni ijaraga olish;
● xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish, joy ijarasi, ko‘rgazma stendlarini tashkil etish va internetda reklama mahsulotlarini joylashtirish;
● ishlab chiqarish biznes-jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha axborot tizimlarini (CRM, ERP, CERM) joriy etish;
● kamida bir yil muddatga jalb etilgan malakali xorijiy mutaxassislarga ro‘yxat bo‘yicha ish haqi to‘lash.

Bu maqsadlar uchun Savdoni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 25 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi.

2024-2025 o‘quv yilidan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida va Toshkentdagi Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti filialida quyidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mahalliy mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi:

"Moda";
"Dizayn";
"Texnologiya";
"Standartlashtirish";
"Innovatsiyalar";
"Marketing";
"Menejment".
 
2024 yil 1 sentabrdan 2027 yil 1 yanvargacha mahsulotlarining kamida 30 foizini mashhur xalqaro brend ostida ishlab chiqarayotgan brend hamkorlari uchun hisobot davrida yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foizga pasaytiriladi.

2024 yil 1 sentabrdan boshlab brend hamkorlari va milliy brend egalari tomonidan ro‘yxat bo‘yicha mutaxassis sifatida jalb qilingan xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlash muddati uch yilgacha belgilanadi.

Ko‘proq yangiliklar: