Isroil tomonidan Livan janubidagi Nebatiye viloyatiga berilgan zarbalar oqibatida o‘n kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Livan Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, Times of Israel xabar berdi.
Halok bo‘lganlarning barchasi Suriya fuqarolari bo‘lib, ular orasida bir ayol va uning ikki farzandi ham bor. Shuningdek, yana besh kishi yaralangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hujum fabrikalar joylashgan va ishchilar yashaydigan hududga uyushtirilgan.
TsAHAL esa zarba «Hizbulloh» foydalanib kelgan qurol-yarog‘ omboriga berilganini ta’kidlamoqda.
«Hizbulloh» Isroilning hujumiga javoban mamlakat shimoliga 55 ta raketa uchirdi. Buning oqibatida jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi keskinlik Golan tepaliklariga uchirilgan raketa oqibatida futbol o‘ynayotgan 12 nafar bola halok bo‘lganidan keyin yanada kuchaydi. Bunga javoban Isroil Bayrutga zarba berib, «Hizbulloh» oliy harbiy qo‘mondoni Fuad Shukrni o‘ldirdi.
Iyul oyi oxirida Tehronda HAMAS siyosiy byurosi raisi Ismoil Haniya o‘ldirilganidan keyin Yaqin Sharqdagi vaziyat yomonlashdi. Eron va «Hizbulloh» ular uchun Isroildan qasos olishga va’da berishdi. 12 avgust kuni AQSh telekanallari o‘z manbalariga tayanib, Eron yaqin 24 soat ichida hujum qilishi mumkinligini ta’kidlagan edi.