O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroilning G‘azodagi Al-Mavasiy hududiga bergan zarbasi tufayli ayol va uning uch bolasi halok bo‘ldi.
Genotsidda ayblanayotgan Isroil armiyasi Xon Yunus shahrining g‘arbida joylashgan, turar joylaridan ko‘chirilgan falastinliklarning chodirlariga hujum qilgan.
Ona va uning bolalari halok bo‘lgan chodir «Chegara bilmas vrachlar» xalqaro insonparvarlik tashkiloti ofisi yaqinida bo‘lgani xabar qilinmoqda.
Avvalroq Isroil qariyb 1 million odamni majburan qamagan, o‘zi «humanitar zona» deb e’lon qilgan Al-Mavasiyga hujum uyushtirishni boshlash rejasini ochiqlagan edi.
Al-Mavasiydan boshpana topgan falastinliklardan yana eksklavning boshqa hududlariga ko‘chish talab qilingan.
Isroil armiyasi Nusayrat qochqinlar lageriga ham hujum uyushtirgan. G‘azoning markazida joylashgan Nusayratda Abu Sabika oilasining uyi nishonga aylangan. Qurbon bo‘lganlar va yaradorlar, jumladan, yosh bolalar jabrlangani xabar qilinmoqda.
G‘azo bo‘yicha muzokaralar
Qatar poytaxti Dohada AQSh, Qatar va Misr vositachiligida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarning ikkinchi kuni bo‘lib o‘tdi. HAMASning oliy martabali vakili Reuters agentligiga muzokaralar natijalari to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumot 2 iyul kuni tasdiqlangan majburiyatlarga mos kelmasligini ta’kidlagan.
HAMAS harakati AQSh tomonidan taklif qilingan Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining yangi tahririni rad etdi.
«Harakat o‘z bayonotida yangi taklifning avvalgi kelishilgan talqindan sezilarli darajada farq qilishini, ya’ni ular buni qabul qilishga tayyor emasligini bildirdi», deyiladi Associated Press xabarida.
Isroil va HAMAS bir-birini kelishuvga erishish uchun to‘sqinlik qilayotganlikda ayblagan, lekin har ikki tomon kelishuvga erishish mumkinligini inkor etmagan. Falastin harakati Tel-Avivni kelishishni istamaslik va tinchlik jarayonini cho‘zayotganlikda ayblagan.
Shu sababli HAMAS Dohadagi muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortgan, biroq muloqot yakunlanganidan so‘ng xalqaro vositachilar — Qatar va Misr bilan alohida gaplashib olishini qayd etgan.
Ayni paytda muzokaralardagi eng bahsli masalalar — Isroil qo‘shinlarining G‘azoda keyinchalik ham mavjud bo‘lib turishi, garovda ushlab turilganlarning ozod etish tartibi va fuqarolarning G‘azo janubidan shimoliga erkin harakatlanishiga cheklovlar bo‘lib turibdi.
Umuman olganda Dohadagi muzokaralar jiddiy, konstruktiv va ijobiy muhitda o‘tgan, deb xabar qilmoqda Misr prezidenti ma’muriyati.
Misr prezidenti matbuot kotibi Ahmad Fahmiyning yozma bayonotida muzokaralarda AQSh, Misr, Qatar va Isroil rasmiy shaxslari ishtirok etgani qayd etilgan.
BMT bong uradi
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil hujumlari kuchayib borayotgan G‘azo janubida falastinlarning tortayotgan azoblari tobora oshib borayotganini «jahon afkor ommasi jim kuzatayotgani»ni ta’kidladi.
Nyu Yorkda joylashgan bosh qarorgohda matbuot uchun bayonot berar ekan, Guterrish shunday dedi:
«Biz bu yerda G‘azodagi falastinliklar uchun yana nima yomonliklar bo‘lishi mumkinligi haqida taxmin qilib turganimizda, ularning azob-uqubatlari oshib bormoqda va hamma jim kuzatib turibdi».
Bosh kotibning qayd etishicha, G‘azo insonparvarlik masalasida «erkin tushish» holatini boshdan kechirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda mintaqadagi oqar suvlarda yosh bolalarni falaj qiluvchi poliomiyelit virusi topilgan. Bu xavfli zonada bo‘lib turgan yuz minglab bolalarga virus yuqishi mumkinligini anglatadi.
«BMT G‘azodagi 340 mingdan ortiq yosh bolalarni poliomiyelitga qarshi emlash yuzasidan hayotiy zarur kampaniyani boshlashga tayyorlanmoqda», — degan Guterrish.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk qamal qilingan G‘azo sektorida 40 mingdan ortiq falastinlikning halok bo‘lishini «tasavvur qilib bo‘lmaydigan holat», deb atadi.
«Halok bo‘lganlarning aksariyati ayollar va bolalardir. Aksariyat hollarda bunday tasavvur qilib bo‘lmaydigan holat Isroil armiyasi tomonidan urush qoidalariga qat’iy rioya qilmaslik tufayli yuzaga kelyapti», — deyiladi Oliy komissar bayonotida.
Komissar G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari hisob-kitoblariga asoslanib, so‘nggi 10 oy ichida G‘azoda har kuni o‘rtacha 130 ga yaqin odam halok bo‘lganini aytdi. «Isroil harbiylarining uylar, kasalxonalar, maktablar va ibodatxonalarni vayron qilish ko‘lami chuqur shokka soladi», degan u.
BMT Oliy komissari dunyo bu qirg‘inlarga chek qo‘yishga qodir bo‘la olmayotganini ta’kidladi.
Yevropaning Isroilga tahdidi
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Isroilning O‘rdun daryosi G‘arbiy sohilidagi falastinliklarga uyushtirgan hujumini qoraladi. Hujum oqibatida bir nafar falastinlik halok bo‘lgan. Borrel Isroil hukumati a’zolariga qarshi sanksiyalar joriy etilishi mumkinligini aytdi.
«Biz Falastinning tinch aholisini terror qilishga qaratilgan Jitadagi hujumni qoralaymiz. Kundan kunga deyarli jazosiz qolayotgan ko‘chirilgan isroilliklar o‘zlari bosib olingan G‘arbiy sohilda zo‘ravonliklarni avj oldirib, tinchlik uchun har qanday imkoniyatni xavf ostiga qo‘ymoqda», — deb yozadi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Borrel Isroil hujumati ushbu harakatlarini zudlik bilan to‘xtatishi kerakligini aytib, bosqinchilarning sheriklariga, jumladan, Isroil hukumatining ayrim a’zolariga Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini qo‘llash niyatini ma’lum qildi.
O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilidagi aholi punktiga uyushtirilgan hujum haqida The New York Times gazetasi xabar berdi: yahudiylar ichida yonuvchan modda bor idishlarni otib, uy va mashinalarga o‘t qo‘ygan.
15 avgust kuni YeI diplomatik xizmati «isroillik ayrim vazirlar» bosib olingan Sharqiy Quddusning muqaddas joylar status-kvosini buzishga urinayotganini tanqid qilgan edi.
Tramp Isroil tomonda
Respublikachilardan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp payshanba kuni antisemitizmga qarshi kurash bo‘yicha tadbirda ishtirok etgan.
O‘z nutqida Tramp raqibi Kamala Harrisni tanqid qilib, Falastin tarafdorlari bo‘lgan namoyishchilarni «kallakesarlar» deb atagan va Isroil hududini kengaytirish masalasini o‘rtaga tashlagan.
AQSh prezidentligiga demokratik partiyadan nomzod Kamala Harris yahudiy advokat Duglas Emhoffga turmushga chiqqaniga qaramasdan, Tramp uni antisemitizmda ayblagan.
«Kamala Harris g‘arb sivilizatsiyasini, birinchi navbatda Isroil va yahudiy xalqini yo‘q qilishni istayotgan kuchlarning nomzodidir», — degan Tramp o‘z chiqishida.
G‘azoda bo‘layotgan xunrezliklarga qarshi namoyishga chiqayotganlarni «HAMASni qo‘llovchi kallakesarlar» va «jihod tarafdorlari» deb atab, Tramp agar Oq uyga qaytadigan bo‘lsa Isroil hujumiga qarshi bo‘lganlarni mamlakatdan chiqarib yuborishni va’da bergan.
Tramp “Isroil Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar bilan solishtirishganda xaritada kichik bir nuqtadek ko‘rinishi”ni ta’kidlab, “Isroilni kengaytirish”ning qandaydir yo‘llari bormi, degan masalani o‘rtaga tashlagan.
Sobiq prezident tadbirga o‘zining eng yirik donorlaridan biri Sheldon Adelsonning bevasi Miriam Adelson bilan birga kirib kelgan. Adelson xonim Tramp yana Oq uyni egallashi uchun «Isroil xavfsizligi va ravnaqiga qayg‘uradigan har qanday yahudiy jon kuydirishi kerak», degan.
Iyun oyida Adelson Isroilning noqonuniy okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohilni anneksiya qilishi va Falastin davlatining tuzilishi yo‘l qo‘ymaslik evaziga Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln dollardan ortiq mablag‘ sarflanishini va’da qilgan edi.
Uzoq «yonadigan» sanksiyalar
Qrim anneksiyasi va Ukrainaga bosqindan keyin Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar yana uzoq muddat o‘z kuchida qoladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Iqtisodiy hamkorlik departamenti direktori Dmitriy Biricheskiy ma’lum qildi.
«Bu holat o‘nlab yillar davom etadi. Ukrainadagi inqirozni hal qilish jarayoni va natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar», — degan diplomat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga qarshi urush shunchaki «bahona» bo‘lgan, sanksiyalar maqsadi — «adolatsiz raqobat».
«Ular yangi sanksiyalarni, yangi cheklovlarni joriy etmoqda. Bu spiral davom etyapti va bu to‘xtamaydi — men bundan umid qilmagan bo‘lardim», — deya ta’kidlagan u.
2014 yildan beri g‘arb davlatlari 20 mingdan ortiq Rossiya kompaniyalari va jismoniy shaxslarini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Natijada RF cheklovlar bo‘yicha dunyoda rekordchiga aylandi — bu borada u Eron va KXDRni ham ortda qoldirdi. Birichevskiyning aytishicha, Moskva ushbu davlatlar bilan muntazam tarjiba almashib, undan sanksiyalarga qarshi harakatda foydalanmoqda.
Birichevskiyning qo‘shimcha qilishicha, sanoat va bank tizimi uchun sanksiyalar qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ular Rossiyani «iqtisodiyot tuzilmasini qayta qurishga» majburlamoqda.
«Biz 90 yillar boshida neft, gazimiz bor, qolgan barcha narsani xorijdan sotib olamiz, deb hisoblardik. Endi esa sotib ololmaymiz», — degan mulozim.