Tarmpning saylovoldi shtabi qancha odam chiqarib yuborilishi haqidagi savolga turlicha javob berayotgan bir paytda, vitse-prezidentlikka nomzod Jyeyms Vens ABC News’ga bergan intervyusida bitta raqamni aytdi: “Keling, bir milliondan boshlaymiz”.
Bu va’da Tramp platformasining asosiy elementiga aylangan bo‘lsa-da (uning mitinglarida “Hoziroq ommaviy deportatsiya!” deb yozilgan plakatlarni ko‘rish mumkin), ekspertlarning ta’kidlashicha, buncha odamni chiqarib yuborish jiddiy huquqiy va amaliy qiyinchiliklarga olib keladi.
Qanday huquqiy muammolar mavjud?
Ichki xavfsizlik vazirligi va Pew Research tadqiqot markazining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda AQShda 11 millionga yaqin noqonuniy muhojirlar istiqomat qiladi. Bu ko‘rsatkich 2005 yildan beri nisbatan barqaror bo‘lib turibdi.
Ularning aksariyatini doimiy yashovchilar tashkil qiladi: deyarli beshdan to‘rt qismi o‘n yildan ortiq vaqtdan beri mamlakatda.
AQShda qonuniy maqomga ega bo‘lmagan muhojirlar chiqarib yuborilish oldidan sud muhokamasidan o‘tish huquqiga ega. Deportatsiyalar sonining keskin ko‘payishi, shusiz ham kechikishlardan aziyat chekayotgan immigratsiya sudlari tizimining yanada kengayishiga olib keladi.
Mamlakatdagi muhojirlarning aksariyati immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) agentlari bilan uchrashish orqali emas, balki mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari vositasida deportatsiya tizimiga kiradi. Biroq AQShning ko‘plab yirik shaharlari va okruglarida mahalliy politsiyaning ICE bilan hamkorligini cheklovchi qonunlar qabul qilingan.
Trampning saylovoldi shtabi ushbu “boshpana shaharlar”ga qarshi choralar ko‘rishga va’da berdi, ammo Amerikaning mahalliy, davlat va federal qonunlari xilma-xilligi vaziyatni yanada murakkablashtiradi.
Vashingtondagi Migratsiya siyosati instituti (MPI) siyosiy tahlilchisi Ketlin Bush-Jozefning ta’kidlashicha, ICE va mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi hamkorlik masalasi har qanday ommaviy deportatsiya dasturining “kritik” jihatiga aylanyapti.
Misol tariqasida Bush-Jozef avgust boshida Floridadagi Brovard va Palm-Bich okruglari sheriflari tomonidan berilgan bayonotni keltirdi, unda sheriflar hech bir ommaviy deportatsiya rejasini amalga oshirishga o‘z yordamchilarini yubormasligini aytishgan.
“Trampning ommaviy deportatsiya rejasi bilan hamkorlik qilmaydiganlar ko‘p,” — dedi u. “Bu vaziyatni ancha murakkablashtiradi”.
Istalgan ommaviy deportatsiya dasturi immigratsiya va inson huquqlari harakati faollari tomonidan qisqa fursatda yuridik e’tirozlar to‘lqiniga uchrashi mumkin.
Biroq Oliy sudning 2022 yilgi qarori sudlar immigratsiya nazorati siyosatiga taqiq qo‘ya olmasligini anglatadi, ya’ni ular huquqiy tizimda muammolar paydo bo‘lgan taqdirda ham o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Xo‘sh, buni logistika nuqtai nazaridan amalga oshirib bo‘ladimi?
AQSh ma’muriyati ommaviy deportatsiya rejalarini qonuniy ravishda amalga oshirgan taqdirda ham, hukumat baribir yirik logistika muammolariga duch kelishi mumkin. Bayden ma’muriyati davrida deportatsiya harakatlari chegarada qo‘lga olingan muhojirlarga qaratilgandi. AQShning uzoqroq va chegaraga yaqin bo‘lmagan hududlaridan deportatsiya qilingan muhojirlarning aksariyati jinoiy tarixga ega yoki milliy xavfsizlikka tahdid soladigan shaxslardir.
AQSh hududida hibsga olingan odamlarni deportatsiyalar soni (chegarada bo‘lganlardan farqli o‘laroq) o‘n yillar davomida 100 000 kishidan oshmadi, ammo Obama ma’muriyatining dastlabki yillarida u eng yuqori cho‘qqiga chiqdi — 230 000 kishi.
“Bir yil ichida bu raqamni millionga yetkazish uchun katta miqdordagi resurslarni sarflash kerak, bunday resurslar mavjud bo‘lmasligi ham mumkin”, — dedi Amerika immigratsiya kengashi siyosat bo‘yicha direktori Aaron Rayhlin-Melnik BBC’ga bergan intervyusida.
Ekspertlar Trampning saylovoldi shtabi e’lon qilgan raqamlardan hech bo‘lmaganda bir qismini topish va kuzatishga ICE’ning 20 000 agenti va yordamchi xodimlari kamlik qilishini aytmoqda.
Rayhlin-Melnikning qo‘shimcha qilishicha, deportatsiya jarayoni uzoq va murakkab bo‘lib, u faqat noqonuniy muhojir aniqlangan va hibsga olingan paytdan boshlanadi. Undan so‘ng, hibsga olinganlarni immigratsiya sudyasiga taqdim etishdan oldin “muqobil qamoqda saqlash” dasturiga yoki uzoq muddatli kutish tizimiga joylashtirish zarur. Faqat shundan keyingina qo‘lga olinganlar AQShdan chiqarib yuboriladi va bu jarayon qabul qiluvchi mamlakat tomonidan diplomatik hamkorlikni talab qiladi.
“ICE millionlab odamlarni tekshirishga qodir emas”, — dedi Rayxlin-Melnik.
Tramp deportatsiyada yordam berish uchun AQSh Milliy gvardiyasi va boshqa qurolli kuchlarini jalb qilishini aytgan. Tarixan AQSh qurolli kuchlarining immigratsiya masalalaridagi roli AQSh va Meksika chegarasidagi yordamchi funksiyalar bilan cheklangan.
Harbiylar va “mahalliy huquqni muhofaza qilish organlaridan foydalanish” chorasidan tashqari, Tramp bunday ommaviy deportatsiya rejasini amalga oshirishning boshqa yo‘llarini keltirmagan.
Sobiq prezident joriy yil boshida Time jurnaliga bergan intervyusida faqat migrantlarni hibsga olish bo‘yicha yangi markazlar qurilishini “istisno qilmasligini”, politsiyani esa “liberal yoki progressiv guruhlar” ta’qibidan himoya qilish choralarini ko‘rishini aytgandi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, davlat va mahalliy politsiya idoralarining ishtiroki uchun rag‘batlar ham nazarda tutilishi mumkin, ishtirok etmaydiganlar “puldan quruq qoladi”.
“Buni bajarishimiz kerak,” — dedi Tramp. “Bu mamlakatimiz uchun barqaror qoladigan muammo emas.”
NumberUSA — immigratsiya nazoratini kuchaytirish tarafdori bo‘lgan tashkilotning tadqiqotlar bo‘yicha direktori Erik Ruarkning ta’kidlashicha, mamlakat ichkarisidan deportatsiya qilish bo‘yicha har qanday dastur chegara nazoratini kuchaytirish bilan uyg‘unlashgan taqdirdagina samara beradi.
“Bunga ustuvor omil sifatida qarash kerak, aks holda progress kam bo‘ladi”, — dedi u.
Bundan tashqari, Ruark noqonuniy migrantlarni yollaydigan kompaniyalarga nisbatan choralarni kuchaytirish zarurligini aytdi: “Ular ish uchun kelyapti”.
Deportatsiyaning moliyaviy va siyosiy narxi
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bir million va undan ortiq odamni deportatsiya qilishning umumiy miqdori o‘nlab, hatto yuzlab milliard dollarni tashkil etadi.
2023 yilda tashish va deportatsiya uchun ICE budjeti 420 million dollarni tashkil etdi. O‘sha yili agentlik 140 000 dan sal ko‘proq kishini deportatsiya qildi.
Minglab muhojirlar sud muhokamasi yoki deportatsiya ijrosini ma’lum vaqt kutib o‘tiradi. Trampning saylovoldi shtabi ularni joylashtirish uchun katta lagerlar qurishni rejalashtirmoqda.
Olib ketish bo‘yicha reyslar sonini ham sezilarli darajada oshirish talab etiladi, natijada mavjud imkoniyatlarni oshirish uchun harbiy samolyotlarni jalb qilish kerak bo‘lishi mumkin.
Ushbu sohalarning istalgan biridagi kichik kengayish ham katta xarajatlarga olib kelishi mumkin.
“Hatto arzimas o‘zgarish ham o‘n millionlab yoki yuz millionlab dollarga tushadi”, — dedi janob Rayhlin-Melnik.
Ushbu xarajatlardan tashqari Tramp chegara xavfsizligi bo‘yicha qator muhim choralarni ham va’da qilgan: AQShning janubiy chegarasida devor qurish ishlarini davom ettirish, mamlakatga fentanil kirib kelishining oldini olish uchun dengiz blokadasi va minglab harbiylarni chegaraga o‘tkazish, shular jumlasidan.
Vashingtondagi Lotin Amerikasi bo‘yicha idorasining migratsiya va chegaralar bo‘yicha eksperti Adam Ayzeksonning ta’kidlashicha, ommaviy deportatsiyalarning “dahshatli kadrlari” ham siyosiy nuqtai nazardan Tramp ma’muriyatiga qimmatga tushishi mumkin.
“Televizorda, bir-biridan ajratilayotgan oilalar, yig‘layotgan bolalarning alamli kadrlari namoyish etiladi. Bularning barchasi aql bovar qilmaydigan darajada yomon matbuot”, — dedi u.
Ilgari ommaviy deportatsiyalar bo‘lganmi?
Trampning avvalgi ma’muriyati davrida to‘rt yil davomida 1,5 millionga yaqin odam ham chegara hududlaridan, ham AQShning ichki hududlaridan deportatsiya qilingan.
Statistika shuni ko‘rsatadiki, 2024 yil fevraliga qadar 1,1 millionga yaqin kishini deportatsiya qilgan Bayden ma’muriyati bu natijaga erishishga yaqin.
Obama ma’muriyatining ikki muddati davomida (Bayden vitse-prezident bo‘lgan) uch milliondan ortiq odam deportatsiya qilindi, natijada immigratsiya islohoti tarafdorlarining ba’zilari Barak Obamani “bosh deportator” deb atadi.
Ommaviy deportatsiya dasturiga qiyoslash mumkin bo‘lgan yagona tarixiy hodisa 1954 yilda sodir bo‘lgan, o‘shanda 1,3 millionga yaqin odam deportatsiya qilingan. Biroq tarixchilar bu raqamga e’tiroz bildirishadi.
34-prezident Duayt Eyzenhauer boshchiligidagi dastur jiddiy jamoatchilik qarshiligiga uchragan — bunga ayrim AQSh fuqarolari ham deportatsiya qilingani, moliyalashtirish yo‘qligi sabab bo‘lgan. Jarayon 1955 yilga kelib ancha sekinlashdi.
Immigratsiya bo‘yicha mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘shanda operatsiya Meksika fuqarolariga qaratilgandi. Tegishli huquqiy tartib-taomillarning yo‘qligi sabab uni hozirgi ommaviy deportatsiya dasturi bilan taqqoslab bo‘lmaydi.
“(50 yillarda deportatsiya qilinganlar) yolg‘iz meksikalik erkaklar edi”, — dedi MPI vakili Ketlin Bush-Jozef.
“Hozir esa chegarani portlar orqali kesib o‘tayotgan odamlarning aksariyati Meksika yoki hatto Markaziy Amerikaning shimoliy qismidan kirib kelyapti. Bu ularning ortga qaytishini sezilarli darajada qiyinlashtiradi” — deya qo‘shimcha qildi u. “Bugungi vaziyatni o‘tmish bilan taqqoslab bo‘lmaydi”.