Xorvatiya majburiy harbiy xizmatni qayta tiklaydi

Jahon 22:28 / 16.08.2024 2331

Xorvatiya 2025 yil 1 yanvardan boshlab 2008 yilda bekor qilingan majburiy harbiy xizmatni qayta tiklaydi, deb xabar beradi mamlakat mudofaa vaziri Ivan Anusich. Xizmat muddati ikki oyni tashkil etadi. Bu kabi qadamni tashlashga Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini fonida Yevropada keskinlik yuzaga kelgani sabab bo‘lgan.

«Qurolli kuchlarni modernizatsiya qilish va ta’minlash ittifoqchilarimiz hamda NATO rahbariyati bilan kelishgan holda, reja asosida amalga oshirilmoqda», — deydi mudofaa vaziri.

Ayni vaqtda Yevropadagi qator davlatlar o‘z fuqarolari uchun majburiy harbiy xizmatni tiklash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, ayrimlari esa buni amalga oshirib bo‘ldi. Xususan, 2023 yilda Latviya majburiy harbiy xizmatni yana tikladi. Serbiya ham chaqiruvni qayta tiklash haqida o‘ylamoqda, ammo Belgrad hozircha qaror qabul qilmadi.

Armiyaga borish majburiy hisoblangan Norvegiya aprel oyida qo‘shinlarni yana 20 ming muddatli harbiy xizmatchi hamda rezervdagilar bilan to‘ldirish rejasini taqdim etgandi.

May oyida «avtoritar davlatlar tomonidan xavfning ortib borayotgani» tufayli Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak ham majburiy harbiy xizmatni qaytarishga va’da bergandi. O‘sha oyning o‘zida Germaniya Mudofaa vazirligi mamlakatda harbiy chaqiruvni qayta tiklashning uchta variantini ishlab chiqqan. Iyun oyida nemis mudofaa vaziri armiyada majburiy xizmatga oid o‘z rejasini taqdim etib, Berlin «2029 yilgacha urushga tayyor bo‘lishi kerakligini» ta’kidlagandi.

Litva parlamenti maktabni tamomlagan yigitlarni armiyaga majburiy chaqirishni ma’qullagan edi. Ular 9 oy davomida harbiy xizmatni o‘tashi kerak bo‘ladi, alohida holatlarda xizmat muddati 6 oygacha qisqartirilishi mumkin.

Yaqinda NATOga qo‘shilgan Finlandiyada esa muddatli harbiy xizmat majburiy. Har yili 30 mingga yaqin chaqiriluvchi muddatli harbiy xizmatni o‘taydi, yana 35 ming zaxiradagi harbiylar qayta tayyorgarlikdan o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: