Parij-2024da O‘zbekistonga eng ko‘p medal keltirgan boks turniri Olimpiada tarixida so‘nggi marta o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) o‘rtasida kuzatilgan so‘nggi yillardagi mojarolar oqibatida boks hozircha 2028 yilgi Los-Anjeles Olimpiya o‘yinlariga kiritilmagan. XOQning talabi aniq va unga ko‘ra, boks bo‘yicha Parijda tengsiz mamlakat ekanini ko‘rsatgan O‘zbekistonni ham oldinda qiyin tanlov kutib turibdi.
XOQ xalqaro boks assotsiatsiyasini Olimpiya oilasidan nega chetlatildi?
2023 yilda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) moliya, boshqaruv va hakamlik bilan bog‘liq muammolar tufayli Xalqaro boks assotsiatsiyasini (IBA) tan olishi haqidagi qarorini bekor qildi. XOQ fikriga ko‘ra, 2020 yilda IBA tashkiloti rahbarligiga kelgan rossiyalik Umar Kremlyov vaziyatni yaxshilay olmadi. Oqibatda, tarixda birinchi marta Olimpiya sportining boshqaruv organi Olimpiya oilasidan chiqarib yuborildi.
IBA chetlatish bo‘yicha tavsiyani «jirkanch va mutlaq siyosiy» deb atadi va Sport arbitraj sudiga murojaat qildi. Biroq, sud tavsiyani to‘xtatib turish to‘g‘risidagi apellyatsiyani qabul qilmadi. Natijada, IBA tashkilotini Olimpiya oilasidan chiqarib tashlash uchun XOQ qarori qabul qilinishiga hech narsa to‘sqinlik qilmaydigan bo‘ldi.
«Boks va bokschilar bilan hech qanday muammomiz yo‘q. Agar muammo bo‘lganida, Tokio va Parijdagi musobaqalar o‘tkazilmagan bo‘lardi. Biz boksni juda qadrlaymiz, ammo, afsuski, bizda IBA rahbariyati tufayli juda jiddiy muammolar mavjud. Biz boksni juda qadrlaganimiz sababli, bokschilar xalqaro federatsiya tomonidan adolatli va shaffof boshqaruvga loyiq deb hisoblaymiz», - degan XOQ rahbari Tomas Bax.
IBA boshqaruvi 2020 yilda Rossiya boks federatsiyasi rahbari, rossiyalik amaldor Umar Kremlyovga o‘tdi. U 2021 yilgacha assotsiatsiyaning barcha muammolarini hal qilishga va’da berib, buni amalda bajardi. 2023 yilgi hisobotga ko‘ra, IBA qarzlarining katta qismi yopilgan. Shuningdek, Rio-2016 Olimpiadasidan keyin paydo bo‘lgan hakamlik muammosi hal qilindi. Ammo Kremlyovning dalillari XOQ rasmiylarini ishontira olmadi. O‘tgan yil IBA Olimpiya oilasiga a’zolikdan butunlay chetlatilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan. XOQ ijro qo‘mitasi ilgari hech qachon olimpiya sportining boshqaruv organiga nisbatan bunday qaror chiqarmagan edi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasini IBA va Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi o‘rtasidagi homiylik shartnomasi tashvishga solib kelayotgan edi. Energetika giganti bilan shartnoma 2022 yilning oxirida bekor qilinadi. Biroq, iyun oyi boshida XOQ IBA faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni e’lon qilib, Kremlyov dekabr o‘rtalarida Abu-Dabidagi kongressda o‘z qo‘l ostidagilaridan «Gazprom» bilan hamkorlikni uzaytirish imkoniyatlarini so‘raganini da’vo qildi. Bularning barchasi XOQ rahbariyatini yana bir bor IBA moliyaviy shaffofligi va ishonchliligi haqida o‘ylashga majbur qildi. IBA o‘z faoliyatini audit qilgan Ernst & Young va PriceWaterhouseCoopers kompaniyalaridan yakuniy xulosalarni oshkor qilmaslikni so‘ragan. XOQ buni ham shubhali harakat deb hisoblaydi.
Kremlyovning XOQga qarshi yurishlari
IBA prezidenti Kremlyov yaqin o‘tmishda bir qator g‘alati qarorlarni qabul qildi. Masalan, IBA birinchi bo‘lib rossiyalik va belaruslik bokschilarga milliy bayrog‘i ostida xalqaro musobaqalarda qatnashishga ruxsat berdi. Vaholanki, Ukrainadagi urush boshlanganida XOQ barcha federatsiyalarga bu sportchilarni xalqaro musobaqalardan chetlatishni tavsiya qilgan edi.
Kremlyov qaroridan keyin rossiyalik va belaruslik bokschilar mart oyida Dehli (Hindiston) shahrida o‘tkazilgan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida, may oyida esa Toshkentda o‘tkazilgan erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etdi. Bir qancha xorijiy federatsiyalar Kremlyovning bu qaroriga qarshi chiqdi – o‘nlab davlatlar jahon chempionatini boykot qildi, ularning ba’zilari jahon boksining yangi boshqaruv organi tuzilganini e’lon qildi.
World Boxing tashkilotiga a’zolar Olimpiadaga boradimi?
Tashkilotchilik tashabbuskori niderlandiyalik Boris van der Vorst bo‘lib, u bir yil avval «saylov davridan tashqari tashviqoti» tufayli IBA prezidentlik saylovidan chetlatilgandi. Keyinroq amaldor Kremlyov boshqaruvidan norozi bo‘lgan 18 ta milliy havaskor boks federatsiyasini o‘z ichiga olgan World Boxing tashkilotini tuzdi. Uning maqsadi «havaskor boksning Olimpiya kelajagini saqlab qolish» deb ataldi. Shu bilan birga, yangi tashkilot XOQ tarkibiga kirish uchun ariza yubordi.
Rasmiy ravishda World Boxing tarkibiga faqat ikkita milliy federatsiya - AQSh va Shveytsariya kiradi. USA Boxing yaqinda yana 28 davlat ularni tashkilotga kirish uchun ariza berish niyatida ekanini va yana 18 davlat ariza berish jarayonini boshlashni so‘raganini ma’lum qilgandi. Los-Anjyeles-2028 o‘yinlarida havaskor boks World Boxing tomonidan taqdim etilishi mumkin.
«Milliy federatsiyasi IBA a’zosi bo‘lgan har qanday bokschi 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok eta olmaydi»
Parij-2024 Olimpiadasidan oldin Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Xalqaro boks assotsiatsiyasiga (IBA) a’zo bo‘lgan milliy federatsiyalar sportchilariga 2028 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishni taqiqladi. Parij-2024 boks bahslarida yetakchi bo‘lgan O‘zbekiston va yana bir qator mamlakatlar ushbu tashkilot a’zosi sanaladi. XOQ qarori esa O‘zbekiston boks federatsiyasini bu boradagi tanlov borasida qiyin holatga solib qo‘yishi mumkin.
«Hozir boks 2028 yilgi Olimpiada o‘yinlarining sport dasturiga kiritilmagan. XOQ boks bo‘yicha bunday olimpiya musobaqasini boshqa o‘tkaza olmasligini ma’lum qildi. Buni bartaraf qilish uchun Olimpiada boksi ishonchli va yaxshi boshqariladigan xalqaro federatsiya tomonidan tashkil qilinishi kerak. Milliy federatsiyasi IBA a’zosi bo‘lgan har qanday bokschi 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok eta olmaydi. MOQ ishonchli hamkor tashkilotisiz boksni Olimpiya o‘yinlarida tashkil etmaydi. Milliy federatsiyalar ularning bokschilari Olimpiya medaliga ega chiqishni istasa, unda ishonchli, barcha talabga javob bera oladigan, yaxshi boshqaruvga ega xalqaro federatsiya atrofida birlashishsin», - deya Tomas Baxning so‘zlarini keltirgan MOQ rasmiy sayti.
Bu bayonotlardan ko‘rinib turibdiki, boks Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilishiga hali umid bor. Lekin kun sayin u tobora zaiflashib bormoqda. Tashkilotchilar sport arenalari qurish bo‘yicha ish boshlashi, homiylarni jalb qilishi uchun Olimpiada dasturining tasdiqlangan variantiga tezroq ega bo‘lishi lozim. Hozircha undan boks joy olmagan. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax boksning Los-Anjyeles-2028 Olimpiadasida bo‘lish yoki bo‘lmasligi haqida yakuniy qaror 2025 yilgacha qabul qilinmasligini aytgan. Ammo har qanday holatda ham Olimpiada umidi bilan yashayotgan, buning uchun tinim bilmay shug‘ullanayotgan qanchadan-qancha bokschilarning orzusi tez orada sarobga aylanishi mumkinligining o‘zi ham juda achinarli holat.