Ukraina armiyasi Rossiya hududidagi to‘rtta harbiy aerodromga birdaniga zarba berilganini ma’lum qildi.
«14 avgustga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari va Maxsus operatsiyalar kuchlari bo‘linmalari Ukraina Xavfsizlik xizmati va Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi bilan birgalikda Rossiyaning Voronej, Kursk va Nijniy Novgorod viloyatlaridagi to‘rtta aerodromga hujum qildi», — deyiladi Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabining Facebook’dagi xabarida.
Idoraning ta’kidlashicha, «Xalino», «Savasleyka», «Borisoglebsk» va «Baltimor» harbiy aerodromlari zarbaga uchragan.
«Bu aerodromlarda armiya aviatsiyasi, Su-34 qiruvchi-bombardimonchi samolyotlari, Su-35 qiruvchi samolyotlari va boshqa dushman harbiy samolyotlari joylashgan. Asosiy yo‘q qilish obektlari yonilg‘i-moylash materiallari va aviatsiya qurollari edi. Hujum natijalariga oydinlik kiritilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi idora.