Shveytsariyaning Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) rossiyalik oligarx Suleyman Kerimovning 1,3 milliard yevro mablag‘ini muzlatib qo‘ydi, deb xabar beradi Swissinfo.
SECO ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urush sabab joriy etilgan sanksiyalar tufayli Shveytsariyada umumiy qiymati 7,4 milliard yevrolik aktivlar muzatilatilgan.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi va Shveytsariya sanksiyalariga uchragan jismoniy yoki yuridik shaxslarga tegishli 17 ta ko‘chmas mulk obekti, qimmatbaho avtomobillar, san’at namunalari, mebel va musiqiy anjomlarga taqiq qo‘yilgan.
Ayni vaqtda jinoiy yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan mablag‘larini qonuniylashtirishga uringan va Shveytsariya qonunchiligini buzgan to‘rt nafar fuqaro va yana bir nafar «noma’lum shaxs»ga nisbatan tergov ishlari olib borilmoqda. Ular rossiyalik milliarder Kerimovga aloqador bo‘lishi mumkin.
Jinoyat ishi doirasida federal prokuratura va Kriminal politsiya idorasi Lyutsern, Tsug va Nidvaldenda tegishli huquq-tartibor organlari bilan birgalikda sakkizta tintuvni amalga oshirgan.
2021 yilda Rossiya Forbes Suleyman Kerimov hamda uning oilasi boyligini 15,8 milliard dollarga (Rossiyaning eng boy biznesmenlari ro‘yxatida 10-o‘rin) baholagan. Dog‘istonda Federatsiya kengashi a’zosi bo‘lib siyosiy karera qurgan Kerimov va uning oilasi «Polyus» oltin sanoati kompaniyasining asosiy egalari hisoblanadi.
Kerimov 2018 yildan beri AQSh sanksiyalari ro‘yxatida turibdi. U mazkur «qora ro‘yxat»ga Putinga yaqin bo‘lgan amaldorlar va biznesmenlar safida bo‘lgani uchun kiritilgan.