Rossiya viza bo‘yicha murojaat qilgan chet elliklardan sayohat maqsadi va mamlakatda qolish shartlarini tekshirish uchun ularni suhbatdan o‘tkazadi. Bu haqda hukumatning yangi qarori qabul qilindi.
«Chet el fuqarosiga viza berish masalasini ko‘rib chiqishda Rossiya Federatsiyasiga safar maqsadi va mamlakat hududida bo‘lish shartlarini tasdiqlovchi ma’lumotlarning to‘g‘riligini qo‘shimcha ravishda tekshirish uchun vakolatli davlat organi chet el fuqarosi bilan shaxsiy suhbat o‘tkazadi», — deyiladi hujjatda.
Suhbat davomida chet el fuqarosi safar maqsadini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etishi mumkin.
Rossiya kirish uchun aksariyat Yevropa davlatlari, AQSh, Kanada, Avstraliya, ayrim Afrika va Janubiy Amerika davlatlari viza rasmiylashtirishi kerak. MDH, Kuba, Venesuela, shuningdek, ma’lum shartlar asosida Xitoy, Turkiya, Serbiya va boshqa davlatlar bilan vizasiz rejim joriy etilgan.
Dunyoning 55 ta mamlakati fuqarolari Rossiya hududiga kirish huquqini beradigan vizani elektron olishi mumkin, buning uchun o‘z yurtidagi konsullik muassasiga murojaat qilish ham talab etilmaydi. Yagona elektron viza tizimi orqali 2023 yilning avgustidan beri chet el fuqarolariga 540 mingdan ortiq viza rasmiylashtirilgan.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, elektron vizani rasmiylashtirish borasida mutlaq yetakchilik Xitoyga tegishli — 254,2 ming. Undan keyingi o‘rinlardan Saudiya Arabistoni (43,4 ming) va Germaniya (42,6 ming) o‘rin olgan. Turkiya va Estoniya esa mos ravishda 32,8 ming hamda 28,6 ming elektron vizani rasmiylashtirib, kuchli beshlikka yakun yasagan.