Rossiyada «Rayffayzenbank» 2 sentabrdan jismoniy shaxslarga xorijiy valutada pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni to‘xtatadi. Bu haqda RBK agentligi 15 avgust, payshanba kuni bankning mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatiga tayanib xabar berdi. Ta’kidlanishicha, bu qaror Raiffeisen Bank International AG (RBI) bank guruhi tomonidan Yevropa Markaziy banki (YeMB) buyrug‘i bilan bog‘liq holda qabul qilingan.
Jismoniy shaxslardan Rossiya Federatsiyasiga barcha valuta o‘tkazmalari 30 avgust kuni Moskva vaqti bilan soat 16.00 dan oldin bank tomonidan ijro uchun qabul qilinishi kerak, deya qo‘shimcha qilingan. Cheklovlar bankning yirik va xalqaro biznesdagi bir qator korporativ mijozlariga hamda rubldagi transchegaraviy o‘tkazmalarga tatbiq etilmaydi, deya qo‘shimcha qilib o‘tdi RBK.
YeMB bankdan Rossiyadan chiqishni tezlashtirishni talab qilmoqda
Aprel oyida RBI YeMBdan Rossiyada biznesni qisqartirishni tezlashtirish bo‘yicha so‘rovni kutgan edi. May oyida «Rayffayzenbank» iyun o‘rtalaridan boshlab Rossiyada dollardagi pul o‘tkazmalarini jo‘natishni to‘xtatmoqchi ekanligi ma’lum bo‘ldi, shuningdek, yangi depozit va jamg‘arma hisobvaraqlarini ochmaslikka qaror qildi. O‘sha paytda dollarda kiruvchi to‘lovlarga hech qanday cheklovlar yo‘q edi.
25 may kuni Italiyaning Streza shahrida bo‘lib o‘tgan «katta yettilik» moliya vazirlari yig‘ilishi ishtirokchilari «aniq tarzda», Reuters ta’kidlaganidek, Avstriya bankiga Rossiya bozoridagi biznesini qisqartirishni tavsiya qilishdi. AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Vashington Rossiyaga Ukrainaga nisbatan tajovuzkorligi uchun joriy qilingan sanksiyalarga qaramay, Rossiya Federatsiyasida faoliyatini davom ettirayotgan banklarga qarshi ikkilamchi sanksiyalar joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida ogohlantirdi.