Rossiya Mudofaa vazirligi 16 avgust kuni Qrim ko‘prigiga Amerikaning ATACMS raketalari yordamida hujum uyushtirilganini ma’lum qildi.
«Bugun kechasi havo hujumidan mudofaa vositalari yordamida AQShda ishlab chiqarilgan ATACMS tezkor-taktik raketalari orqali Qrim ko‘prigiga uyushtirilgan 12 ta hujum qaytarildi. Raketalarning barchasi yo‘q qilindi», — deyiladi vazirlik xabarida.
Bundan oldin Mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar Qrimda kechasi Ukrainaning beshta uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatini tutib qolgani va Qora dengizda ikkita ekipajsiz katerni yakson qilganini bildirgandi.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, hujum Kerch portiga uyushtirilgan, shuningdek, shaharga raketa qoldiqlari kelib tushgan. Hujum vaqtida Qrim ko‘prigi to‘rt soatga yopib qo‘yilgan, monitoring kanallari ko‘prik atrofida sakkizta raketa urib tushirilgani haqida xabar bergan.
Ukraina Qurolli kuchlari mazkur holat bo‘yicha hozircha hech qanday izoh bermadi.
CNN telekanali 15 avgust kuni AQSh Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Kursk viloyatiga uzoq masofaga mo‘ljallangan Amerika qurollari yordamida zarbalar amalga oshirilishiga ruxsat berishni xohlamayotganini ma’lum qilgandi. Chunki AQSh Ukrainaga u qadar ko‘p ATACMS raketalardan yetkazib bera olmaydi. Suhbatdoshlarning aytishicha, Amerika hukumati Ukraina mavjud raketalarni anneksiya qilingan Qrimga zarbalar berishda foydalanishini istamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 8 oktabr tongida Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi temiryo‘l ko‘prigida portlash ro‘y berishi oqibatida avtomobil ko‘prigining bir qismi qulab tushgan edi. O‘shanda yonilg‘i to‘ldirilgan bir necha sisternalar yonib ketgan, ko‘prik bo‘ylab avtomobil va poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgandi.