Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida Vaqt va chastota xizmati faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston milliy vaqt shkalasi (UTC UZ) joriy etiladi va undan O‘zbekiston Respublikasining aniq vaqti sifatida foydalaniladi.
Vaqt xizmatining faoliyatini samarali tashkil etishga O‘zbekiston milliy metrologiya instituti davlat muassasasi mas’ul hisoblanadi.
Metrologiya instituti Muvofiqlashtirilgan universal vaqtni (UTC) shakllantirishda ishtirok etadi va O‘zbekiston milliy vaqt shkalasini (UTC UZ) hosil qilishga vakolatli etib belgilanadi.
Metrologiya instituti tarkibida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Vaqt va chastota xizmati, Vaqt xizmatining vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlarini belgilashni nazarda tutuvchi nizom ishlab chiqib, tasdiqlanadi.
Aniq vaqtni Vaqt xizmatidan olish hamda uni manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlarga uzatish davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshiriladi.