O‘zbekistonda faktoring tashkilotlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 09:23 / 16.08.2024 1601

Markaziy bank taklifiga binoan pul talabnomasini boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan moliyalashtirish faoliyatini amalga oshiruvchi faktoring tashkilotlari tashkil etiladi. Ularning faoliyati Markaziy bankda nobank kredit tashkiloti sifatida reyestrda hisobga olish ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng amalga oshiriladi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilarga ruxsat beriladi:

● agar mijozning kontragenti norezident bo‘lsa, chet el valutasida faktoring operatsiyalarini amalga oshirish;
● kredit tashkilotlariga faktoring shartnomalari bo‘yicha sotib olingan pul talabnomalarini qayta sotish (refaktoring).

Pul talabnomasini boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash bo‘yicha javobgarlik bekor qilinadi. O‘tkazilgan huquqlar bo‘yicha talablarning ustuvorligini ta’minlash uchun pul talabnomasini boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnomalar garov reyestrida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, qarzdorning roziligisiz pul majburiyatining valutasini va to‘lov mamlakatini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Faktoring xizmatlarining elektron platformasi ishga tushiriladi. U quyidagilar uchun mo‘ljallangan:

● tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan faktoring xizmatlaridan foydalanish uchun pul talabnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va hujjatlarni kiritish; 
● pul talabnomalarining asosi bo‘lgan hujjatlarning haqiqiyligini tekshirish, shuningdek, qarzdorlar haqida ma’lumot to‘plash va uni real vaqt rejimida tahlil qilishni ta’minlash orqali moliyalashtirish jarayonini avtomatlashtirish; 
● kredit tashkilotlari tomonidan yetkazib berish zanjiri ishtirokchilariga faktoring xizmatlarini ko‘rsatish uchun qulay, tezkor va xavfsiz texnologik infratuzilmani taqdim etish.

Faktoring platformasi "Elektron hukumat" tizimi orqali elektron hisob-fakturalar ma’lumotlar bazasi, elektron tovar-transport yuk xatlari tizimi va soliq to‘lovchilarning elektron ma’lumotlar bazasi, shuningdek, Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

Faktoring xizmatlarini ommalashtirish va rivojlantirish uchun Milliy faktoring assotsiatsiyasi tashkil etiladi.

Hujjat bilan faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" tasdiqlandi, unda quyidagilar nazarda tutilgan:

● faktoring xizmatlari sohasida bilim va kasbiy ko‘nikmalarni oshirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish;
● tadbirkorlik sub’yektlari va kredit tashkilotlari uchun faktoring bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish;
● xalqaro faktoring operatsiyalarini TSOYaEAT tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqish, xorijiy banklar va faktoring kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Ko‘proq yangiliklar: