Oq uy: G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar Dohada davom etmoqda

Jahon 13:54 / 16.08.2024 1232

Blokadadagi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar 15 avgust, payshanba kuni Qatar poytaxti Dohada boshlandi, juma kuni ham davom etadi. 

Bu haqda 15 avgust, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar «kelishuvni amalga oshirish tafsilotlarini» muhokama qilmoqda. «Uchrashuv oldidan ba’zi kamchiliklarni bartaraf qildik. Bugun biz kelishuvni amalga oshirish tafsilotlariga e’tibor qaratmoqdamiz. Bitimning murakkabligini hisobga olsak, hali ko‘p ish qilish kerak. Bugungi muzokaralar natijasida kelishuvga erishilishini kutmayapmiz. Ochig‘ini aytsam, muzokaralar juma kuni davom etishini kutaman», — dedi Oq uy vakili. 

Kirbining aytishicha, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimining tezroq o‘rnatilishi barcha tomonlar manfaatlariga mos keladi va shuning uchun Vashington Dohadagi muzokaralarga katta ahamiyat beradi. 

Oq uy vakilining aytishicha, muzokaralarda AQSh, Isroil, Misr va Qatar delegatsiyalari ishtirok etmoqda, bevosita ishtirok etmagan Hamas esa Qatar va Misr vakillari orqali muloqot qilmoqda. 

Muzokaralarda AQSh tomonidan Oq uyning Milliy xavfsizlik kengashi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha koordinatori Brett Makgerk hamda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Uilyam Berns ishtirok etmoqda. «Tomonlar asosni kelishib oldilar. Kelishuvni amalga oshirish tafsilotlari ishlab chiqilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u. 

Avvalroq AQSh, Misr va Qatar Isroil va Hamasni 15 avgust kuni Qohira yoki Dohada G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish hamda asirlarni almashish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga chaqirgan edi. Qo‘shma bayonot mintaqadagi ko‘plab davlatlar, jumladan Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Ko‘proq yangiliklar: