OAV: AQSh Kiyevga uzoq masofali raketalar yetkazib bermoqchi

Jahon 08:29 / 16.08.2024 3289

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga uzoq masofaga mo‘ljallangan Joint Air-to-Surface Standoff Missile (JASSM) qanotli raketalarini taqdim etishga «ochiq». Bu haqda 15 avgust, payshanba kuni Politico nashri anonim qolishni istagan manbaga tayanib yozdi

Ukrainaga raketa yuborish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmadi, ammo Oq uy hozirda bu masala bo‘yicha «murakkab tafsilotlar»ni ishlab chiqmoqda, dedi suhbatdosh tahririyatga. Xususan, gap nozik texnologiyalarni uzatish bilan bog‘liq tekshirish va Ukraina samolyotlarining 1088 kg og‘irlikdagi, 454 kg jangovar kallakni olib o‘tadigan raketani uchirish imkoniyati haqida ketyapti.

JASSM raketalari haqida 

JASSM raketalari F-16 qiruvchi samolyotlaridan uchirilishi mumkin. Lockheed Martin tomonidan ishlab chiqilgan va birinchi marta 2000-yillarning boshida foydalanishga olingan ushbu raketa Qo‘shma Shtatlar tomonidan jangovar harakatlarda juda kamdan-kam qo‘llangan va faqat Vashingtonning bir nechta yaqin ittifoqchilariga topshirilgan, deya aniqlik kiritadi nashr. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Polsha, Avstraliya va Finlandiya allaqachon ushbu qurollarga ega, Yaponiya va Niderlandiya iyul oyida raketalarni sotib olish bo‘yicha kelishuvlarni imzolagan, ularning yetkazib berilishi kelgusi yillarda kutilmoqda. Germaniya, Gretsiya, Ruminiya va Daniya ham JASSM raketalarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. 

Ukrainada uzoq masofali raketalar 

Ukraina allaqachon AQSh, Britaniya va Fransiya tomonidan taqdim etilgan havo va yerda joylashtiriladigan raketalarga ega bo‘lib, ular uchirilgan nuqtadan 300 km masofadagi nishonlarga yetib borishi mumkin, ammo Rossiya hududida ushbu raketalardan foydalanish bo‘yicha cheklovlar o‘z kuchida qoladi, deb eslatadi nashr.

Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari allaqachon Ukrainani unga berilgan F-16 samolyotlari uchun turli xil «havo-havo» va «havo-yer» raketalari bilan ta’minlash majburiyatini olgan, ammo aynan JASSM yetkazib berilishi Kiyevga «eng ko‘p yordam beradi», deyiladi maqolada. 

Pentagon Politico’ga JASSM raketalarining Ukrainaga uzatilishini ma’qullagani haqida izoh berishdan bosh tortdi. 

«Biz Ukrainaning xavfsizlik bo‘yicha ko‘mak bo‘yicha talablarini qondirishga qaratilgan bir qancha variantlarni ko‘rib chiqmoqdamiz, biroq bizda taqdim eta oladigan ma’lumotlar yo‘q», — deya nashr AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jyeff Jargensen so‘zlaridan iqtibos keltiradi. 

Ko‘proq yangiliklar: