«So‘nggi avlod» radikal ekologik harakati a’zolari Berlin-Brandenburg, Keln-Bonn aeroportlarida, shuningdek, Shtutgart va Nyurnberg havo bandargohlarida norozilik namoyishlari o‘tkazdi. Rasmiylarning 15 avgust, payshanba kuni xabar berishicha, to‘q sariq jilet kiygan sakkiz nafar faolning harakatlari natijasida havo qatnovi to‘xtatilgan.
Keln-Bonn aeroportida reyslar politsiya operatsiyasi tufayli to‘xtatildi, deya aniqlik kiritdi aeroport. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ikki faol uchish-qo‘nish yo‘lagiga yotib olgan. Huquq-tartibot xodimlarining taxminiga ko‘ra, ular uning hududiga panjaradagi teshik orqali kirishgan.
«Hozirda gap milliardlab insonlar hayoti haqida ketyapti. Iqlimning buzilishi ko‘pchilik uchun haqiqatga aylandi», deya ma’lum qildi ekologik harakat. «Biz hali ham imtiyozli holatdamiz va bu haqda biror narsa qila olamiz. Iltimos, OIL KILLS! aksiyasiga qo‘shiling», - deb yozdi ular. Politsiya qo‘lga olish jarayonini o‘tkazmoqda.
Ekologik harakati faollarida tintuvlar
Avvalroq, 8 avgust kuni «So‘nggi avlod» faollarining Germaniya besh shahridagi sakkizta manzilida tintuv o‘tkazilgan edi. Guruh vakillarining so‘zlariga ko‘ra, politsiya harakati OIL KILLS! («Neft o‘ldiradi») aksiyalari bilan bog‘liq bo‘lib, uning davomida harakat a’zolari iyul oyi oxirida Germaniyaning bir qator yirik aeroportlari ishini to‘xtatib qo‘ygandi.
Faollarning aniqlik kiritishicha, Berlin, Frayburg, Xall, Leypsig va Mannxaymda tintuvlar o‘tkazilib, DNK namunalari olingan.
Avvalroq guruhning Avstriyadagi bo‘limi norozilik faoliyatini to‘xtatayotganini ma’lum qilgan edi.