O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Falastin raisining Turkiyadagi nutqi
Falastin prezidenti Mahmud Abbos Rossiyaga qilgan tashrifidan so‘ng Turkiyaga bordi. U prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan ham uchrashdi va Turkiya parlamentida chiqish qildi.
«Bizda boshqa yechim qolmadi. Shu munosabat bilan men va Falastin ma’muriyatining barcha a’zolari G‘azoga borishga qaror qildik va biz buni amalga oshiramiz», dedi Falastin prezidenti.
Mahmud Abbos Turkiyaning Falastin xalqi qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish borasidagi pozitsiyasini va insonparvarlik yordamlarini yuksak qadrlashini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, Falastin xalqi o‘z yerlarini ozod qilish uchun kurashdan voz kechmaydi.
“Falastinliklar o‘z huquqlarini himoya qilishda davom etadi va o‘z yerini tashlab ketmaydi. Falastin xalqi bosqinchilarni o‘z yeridan albatta quvib chiqaradi. Xalqimiz nafaqat Falastinni himoya qiladi, balki butun mintaqada hukmronlik qilmoqchi bo‘lgan sionistik harakatdan Islom ummatini himoya qilishda oldingi safda turadi”, dedi Mahmud Abbos.
Falastin prezidenti xalqaro hamjamiyat Isroil tomonidan har kuni amalga oshirilayotgan qirg‘inlarga sukut saqlayotganidan hayronligini izhor etdi.
“Tinchlik va xavfsizlik sari yo‘l Falastindan boshlanib, Falastin bilan tugaydi», dedi Falastin rahbari.
Mahmud Abbos Falastindagi barcha siyosiy kuchlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladi.
«Bizning hayotimiz G‘azo sektoridagi har qanday bolaning hayotidan qimmatli emas. Bosqinchilar mag‘lub bo‘lishga mahkum. Falastin ozod bo‘ladi. Prezident Erdo‘g‘an va turk xalqiga Falastinni qo‘llab-quvvatlaganligi uchun minnatdorlik bildiraman», dedi Abbos nutqi oxirida va gulduros qarsaklar bilan qarshi olindi.
Bu orada G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 40 mingdan oshdi. Urushning 314-kuniga kelib Isroil zulmi qurbonlari 40 ming 5 kishiga yetgan. 92 ming 294 kishi yaralangan. So‘nggi sutka ichida 40 kishi halok bo‘lgan, 107 kishi yarador qilingan.
Britaniyadagi aksilisroil bosimlar
Isroilning G‘azo sektorida agressiyasi boshlanganidan beri Britaniya hukumati juda katta jamoatchilik bosimiga duch keldi. Britaniya hukumatidan Isroilga qurol eksportini to‘xtatish talab qilinmoqda.
Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi X ijtimoiy tarmog‘i orqali bayonot e’lon qildi va Isroilning yaqinda majburan ko‘chirilgan falastinliklar boshpanasiga uyushtirgan zarbasini qoraladi.
Biroq uning bu posti foydalanuvchilar tanqidiga sabab bo‘ldi. Ular vazirga Londonning Isroil davom etayotgan vahshiyliklarida ham diplomatik yashirin yo‘l bilan, ham qurol yetkazib berish orqali ishtirok etganini eslatishdi.
Xuddi shunday reaksiyaga bosh vazir Kir Starmerning Britaniya, Fransiya va Germaniyaning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shma bayonotini e’lon qilishi sabab bo‘ldi.
Britaniya Isroilga asosiy qurol yetkazib beruvchi bo‘lib qolmoqda. Britaniya mudofaa sanoatining bu mamlakatga eksporti so‘nggi bir necha yil ichida yuzlab million dollarni tashkil etdi.
Isroilning G‘azo sektoridagi agressiyasi boshlanganidan beri Britaniya hukumati Isroilga qurol sotishni to‘xtatish bo‘yicha mamlakatda katta jamoatchilik bosimiga duch kelmoqda.
Inson huquqlari tashkilotlari va huquqshunos olimlar Britaniya hukumatidan o‘z pozitsiyasini aniqlashtirishni talab qilmoqda. Ta’kidlanishicha, rasmiy London xatti-harakatlari uning o‘t ochishni to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlariga zid keladi va Isroil urushiga sheriklikda ayblash uchun asos yaratadi.
«Britaniya hukumati Isroilni xalqaro huquqni hurmat qilishga chaqiruvchi quruq bayonotlar berishda davom etmoqda», dedi Falastinliklar uchun xalqaro adolat markazi (ICJP) huquqshunosi Zakiy Sarrof.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilga zudlik bilan qurol-yarog‘ embargosi joriy etmasligi «Britaniya o‘z ittifoqchisi tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlarga yordam berishdan afsuslanmaydi», degan ma’noni anglatadi.
Ukrainaning Rossiyaga hujumi
Ukraina armiyasining hujumi davom etayotgan Rossiyaning Kursk oblastida harbiy komendatura tashkil etildi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Oliy bosh qo‘mondonlik shtabining yig‘ilishida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, komendatura «huquq-tartibotni, mahalliy aholining barcha ehtiyojlarini ta’minlashi kerak». Unga general-mayor Eduard Moskalyov rahbar etib tayinlandi.
Sirskiyga ko‘ra, 15 avgustda Ukraina Qurolli kuchlari Kursk oblastida turli yo‘nalishlarda 500 metrdan 1,5 kilometrgacha bo‘lgan masofada oldinga siljigan va hozirda 1150 kvadrat kilometr maydondagi 82 aholi punkti Ukraina armiyasi nazorati ostida. Umuman olganda, operatsiya boshlanganidan beri Ukraina Qurolli kuchlari Kursk hududiga 35 kilometr masofaga kirgan.
Kurskka hujum qilish maqsadida Donetsk oblastidagi pozitsiyada joylashgan bo‘linmalarning olinishi Ukraina mudofaasini zaiflashtirmoqda.
Rossiya armiyasi Donbassda bosimni kuchaytirdi va bir nechta aholi punktini egallab oldi. Kurks operatsiyasining muvaffaqiyatiga askarlar yetmasligi sabab qiynalayotgan frontning boshqa nuqtalaridagi muammolar soya solmoqda.
Rossiya qo‘shinlari o‘tgan kunlar mobaynida Jyelanne va Orlivka qishloqlarini egalladi, shuningdek, Nyu-York, Mikolayivka, Juravka va Krasnohorivka aholi punktlari tomon siljidi. Ushbu aholi punktlari aprel oyidan beri rus bo‘linmalari hujum qilib kelayotgan Toretsk va Pokrovsk shaharlari o‘rtasida joylashgan.
15 avgust kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ivanivka qishlog‘i nazorat ostiga olinganini ma’lum qildi. U Pokrovsk shaharchasidan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ukraina qurolli kuchlarining yirik ta’minot markazi shu yerda joylashgani bois, ushbu shaharcha strategik ahamiyatga ega.
“Shimoliy oqim”dagi qo‘poruvchilik
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim–2” gaz haydash quvurlarini portlatish rejasini shaxsan ma’qullagan, deb yozmoqda The Wall Street Journal nashri o‘z manbalariga tayanib.
Zelenskiy avvaliga rejani ma’qullagan, degan rejadan xabardor ofitser va yana uch kishi. Keyinroq AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi rejadan xabar topib, Zelenskiydan uni bekor qilishni so‘ragan va Ukraina prezidenti operatsiyani to‘xtash to‘g‘risida buyruq bergan. Biroq Ukraina qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy unga quloq solmagan, deyiladi nashr materialida.
WSJ bilan suhbatda ayni damda Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi bo‘lib ishlayotgan Valeriy Zalujniy operatsiya haqida hech narsa bilmasligini aytgan.
Nashrning qayd etishicha, gaz haydash quvurini portlatish ukrainalik mulozimlar tomonidan 2022 yilning mayida og‘zaki muhokama qilingan.
14 avgust kuni Germaniyaning bir qator nashrlari gaz haydash quvurlarini portlatish ishi bo‘yicha hibsga olish uchun order berilganini xabar bergan. Jumladan, bu ishga aloqadorlikda Ukrainaning uch fuqarosi va bir nafar ayol ham gumon qilinmoqda. Ular dayverlar sifatida quvurlarga portlovchi moddalar yopishtirib chiqqan bo‘lishlari mumkin.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, rejani yaxtada yo‘lga chiqqan bir necha dayverlar amalga oshirishi kerak bo‘lgan. Vaziyat shunchaki dengizda sayrdek ko‘rinishi uchun yaxtada hattoki ayol kishi bo‘lgan. Qo‘poruvchilikni amalga oshirishda homiylik qilishga ukrainalik ishbilarmonlar ham jalb qilinishi lozim bo‘lgan.
Butun operatsiya 300 ming dollarga tushgan, deb yozadi WSJ. G‘avvoslar juft-juft bo‘lib ishlashgan va dengiz tubidagi quvurga oktogen moddali portlovchi qurilma joylashtirishgan. Germaniya politsiyasi keyinroq yaxtada portlovchi modda qoldiqlari, barmoq izlari va DNK namunalarini topgan.
Rossiyada harbiy samolyot quladi
Rossiyada Tu-22M strategik bombardimonchi samolyoti halokatga uchradi. Halokatga texnik nosozlik sabab bo‘lgani, to‘rt nafar ekipaj tirik qolgani ta’kidlanmoqda.
Halokat Rossiyaning Irkutsk viloyatida ro‘y bergan. Qayd etilishicha, bombardimonchi samolyot Usolskiy tumanidagi Belaya aviabazasi aerodromidan havoga ko‘tarilgan. So‘ngra, Cheremxovo tumanida yerga qulagan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, samolyot qulashdan avval havoda yonib ketgan.
Mahalliy matbuotning xabar berishicha, samolyot ekipaji katapulta qilishga ulgurgan. Ular 4 nafar bo‘lgani va tirik qolgani aytilmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi rejali parvozni amalga oshirayotgan samolyot halokatga uchraganini va «ekipaj tirik» ekanini tasdiqladi. Tu-22M texnik nosozlik tufayli qulab tushgani ta’kidlanmoqda.