“Bu mamlakat bolalari taqdiri uchun muhim qonun bo‘ladi” – bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova

O‘zbekiston 20:49 / 16.08.2024 1761

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun tasdiqlandi. Mazkur qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, murojaat qilinganda bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam berishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Jumladan, bolalar uchun himoya orderlari berilishi ko‘zda tutilgan.

Qonunni ishlab chiqishda va uni parlamentda ko‘rib chiqish uchun tayyorlashda Bolalar ombudsmani, Bosh prokuratura, IIV, MTMTV, SSV, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova qonunni ishlab chiqishda xorijiy tajriba, xususan, Daniya, Finlandiya, Germaniya va boshqa davlatlarning bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga oid tajribasi o‘rganilganini aytdi.

“Aynan mazkur Qonun bilan bolaga nisbatan zo‘ravonlikning deyarli barcha shakllari e’tirof etilmoqda. Bunda nafaqat zo‘ravonlikning jismoniy, jinsiy, ruhiy shakllari, balki g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, majburlash, bulling kabi shakllari mavjudligi qonunan tan olinmoqda. Ushbu Qonun vakolatli organlarning bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi faoliyatini aniq tartibga soladi - maxsus vakolatlar, o‘zaro ishlash algoritmi va hamkorlik mexanizmi asosida tegishli choralar ko‘zda tutildi.

Qonunan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha umumiy va individual choralar, belgilanmoqda. Xususan:

- tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan bolaga himoya orderini rasmiylashtirish;

- oilada bolaga ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari tomonidan zo‘ravonlik holatlari aniqlanganda, bolani oiladan olib qo‘yish va uning xavfsizligini ta’minlash;

- zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yganlarga korreksiya choralarini qo‘llash va boshqalar.

Muhimi, Qonun bilan bolaga jismoniy jazo qo‘llash taqiqlanmoqda. Bundan asosiy maqsad - bolani urish va tahqirlash tarbiya usuli emasligi, bu bolaning kelgusi hayotiga salbiy ta’sir qilib, unga katta talofat yetkazishini odamlar tafakkuriga singdirishdir.

Tarbiya borasida eski qolip va ijtimoiy normalardan chekinish zarur!

Ota-onalar tomonidan farzandlariga nisbatan hech bir holatda zo‘ravonlik qilinishi yoki biror harakati uchun urish, kaltaklash yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazuvchi jismoniy jazo qo‘llash mumkin emas! Bolaning hayoti, sog‘lig‘i hamda sha’ni va qadr-qimmati qonun bilan himoyalangan”.

Ko‘proq yangiliklar: