BMT G‘azoda 40 mingdan ortiq falastinlikning o‘limini «tasavvur qilib bo‘lmaydigan holat» deb atadi

Jahon 14:21 / 16.08.2024 10305

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk blokada ostidagi G‘azo sektorida 40 mingdan ortiq falastinlikning halok bo‘lishini «tasavvur qilib bo‘lmaydigan holat» deb atadi. 

«Halok bo‘lganlarning aksariyati ayollar va bolalardir. Aksariyat hollarda bunday tasavvur qilib bo‘lmaydigan holat Isroil armiyasi tomonidan urush qoidalariga qat’iy rioya qilmaslik tufayli yuzaga kelyapti», — deyiladi Oliy komissar bayonotida. 

Turk eksklav sog‘liqni saqlash idoralari hisob-kitoblariga asoslanib, so‘nggi 10 oy ichida G‘azoda har kuni o‘rtacha 130 ga yaqin odam halok bo‘lganini aytdi. «Isroil harbiylarining uylar, kasalxonalar, maktablar va ibodat joylarini vayron qilish ko‘lami chuqur shokka soladi», dedi u. 

BMT Oliy komissari dunyo bu qirg‘inlarga chek qo‘yishga qodir bo‘la olmayotganini ta’kidladi. 

Turk, shuningdek, G‘azo sektoridagi qotilliklarni «bir marta va butunlay» to‘xtatish hamda barcha mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi. 

«Isroilning noqonuniy bosib okkupatsiyasiga barham berish va xalqaro miqyosda tan olingan ikki davlat qarori haqiqatga aylanishi kerak», - deya xulosa qildi u.

G‘azodagi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida, 2023 yil 7 oktyabridan beri Isroilning blokada ostidagi G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari natijasida halok bo‘lgan falastinliklar soni 40 ming 505 nafarga yetgani, ulardan 16 ming 314 nafari bolalar ekani aytiladi.

Ko‘proq yangiliklar: