Yaponiya hukumatining Tinch okeani qirg‘og‘ida yuz berishi mumkin bo‘lgan megazilzila haqidagi ogohlantirishi 15 avgust kuni rasman bekor qilindi. Bunga meteorologiya agentligi «Nankay botig‘i»da hech qanday yirik seysmik faollikni aniqlamagani sabab bo‘lgan.
Kuchli yer osti silkinishlari haqida 8 avgust kuni, Yaponiya janubi-g‘arbida sodir bo‘lgan 7,1 balli zilziladan keyin xabar berilgandi. Uning o‘chog‘i Miyazaki prefekturasi hududida joylashgan. Ogohlantirish 29 ta ta prefekturadagi 707 ta munitsipalitetga taalluqli bo‘lib, ushbu hududlarda kuchli yer osti silkinishlari tufayli balandligi 34 metrga yetadigan sunami kuzatilishi aytilgandi.
Hukumat tarixdagi bunday ko‘lamli ilk ogohlantirish jamoatchilik orasida vahima keltirib chiqarganini tan oldi. U yozgi ta’til mavsumidagi ayrim turistik bizneslarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Ko‘plab aholi va turistlar malakatga rejalashtirgan safarlarni bekor qilishga majbur bo‘lgan. Yaponiya g‘arbi va janubi-g‘arbidagi ayrim plyajlar yopilgan.
Prognozlarga ko‘ra, yaqin 30 yilda Yaponiyada 8-9 balli zilzila yuz beradi. Yer osti silkinishlari ko‘plab hududlarni qamrab oladi, sohil bo‘yichagi hududlarga esa kuchli sunami yopiriladi.
«Kuchli zilzila ehtimolini istisno etib bo‘lmagani sabab jamoatchilikni tayyor turishga chaqiramiz», — deydi tabiiy ofatlarga qarshi kurashish vaziri Yosifumi Matsumura.
Eslatib o‘tamiz, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida 9−12 avgust kunlari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga rejalashtirilgan safarini mamlakatda sodir bo‘lgan kuchli zilzila va sunami xavfi tufayli bekor qilgandi.