Turkmaniston diplomatik kanallar orqali 50 kishidan iborat ro‘yxatni bir qator davlatlarga yuborgan. Unda ularni o‘z hududiga kiritmaslik yoki deportatsiya qilish talabi bor, deb xabar berdi «Xroniki Turkmenistana».
So‘rov Belarus, Rossiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkiya, Eron va, ehtimol, Moldova, Gruziya va Armanistonga yuborilgan, deb ta’kidlamoqda nashr.
«Turkmaniston rasmiylariga ko‘ra, ro‘yxatdagi fuqarolik faollari, jurnalistlar, mustaqil ommaviy axborot vositalari va muxolifat vakillari davlat xavfsizligiga tahdid soladi», deyiladi xabarda.
Turkmaniston ushbu ro‘yxatdagi 9 kishini vataniga qaytarishni so‘ragan.
Nashrning ta’kidlashicha, murojaat xorijiy davlatlar tomonidan ijro etilishi majburiy ekanini anglatmaydi.